Bir oy karantinda saqlangan Baxtiyor Karimda endi virus aniqlandi

Your browser doesn’t support HTML5

O’zbekistonda koronavirus siyosiy ta’qib vositasiga aylanayotganga o’xshaydi. Muxoliflikka da’vogar “Haqiqat va taraqqiyot” partiyasi faoli, bir oydirki karantinda ushlab turilgan Baxtiyor Karimda koronavirus qayd qilingan.

Ammo uning aytishicha, bir oylik karantin, besh martalik manfiy test natijalari ortidan virus topilishi uning siyosiy faoliyati bilan bog’liq.

“Haqiqat va taraqqiyot” partiyasi tashabbus guruhi muvofiqlashtiruvchisi bo’lgan Baxtiyor Karimda koronavirus topilgani 3-iyul kuni, u navbatdagi karantin muddatini tugatib uyga qaytish arafasida turgan bir paytda bildirilgan.

Koronavirusning zaif alomatlari qayd etilgan Baxtiyor Karim ayni paytda davolanish uchun Toshkent tibbiyot instituti shifoxonasiga yotqizilgan.

Baxtiyor Karim o’g’lining ishxonasida koronavirus qayd qilinishi ortidan 6-iyundan karantinda ushlanayotgan edi. Odatda karantin muddati 14 kun, ammo Baxtiyor Karim uchun bu muddat 28 kun qilib belgilandi. U karantinda ekan, besh marotaba koronavirusga test topshirgan, barchasida manfiy natija chiqqan.

Baxtiyor Karimning karantindan chiqishini nafaqat oila a’zolari, balki “Haqiqat va taraqqiyot” partiyasi tarafdorlari ham kutib turishgan edi. Ammo u karantindan chiqarilmadi, koronavirus tashxisi bilan shifoxonaga yotqizildi.

“Amerika Ovozi” shifoxonada davolanayotgan Baxtiyor Karim bilan bog’landi. Uning aytishicha, bir oy davomida karantinda ushlanishi, muddat tugashi arafasida unda virus topilishi ortida siyosiy faoliyati turibdi.