Fransiyada ro'yxatdan o'tgan Markaziy Osiyo inson huquqlari uyushmasi rahbari Nadejda Atayeva o'z manbalariga tayangan holda O'zbekiston va Qirg'iziston maxsus xizmatlari qochqinlarni almashish borasida kelishib olgan, deya ma'lumot bermoqda.
Your browser doesn’t support HTML5
"Shanxay Hamkorlik Tashkiloti doirasida Qirg'izistonda o'tgan so'nggi uchrashuvda yopiq yig'ilish o'tgan... Bu albatta yopiq qaror. Kelishuvga muvofiq Qirg'iziston Toshkent tomonidan ayirmachilikda ayblanayotgan qoraqalpoqlarni O'zbekistonga topshirishga, O'zbekiston tomoni esa 5 yildan buyon mamlakatda yashayotgan o'shlik qochqinlarni Qirg'izistonga topshirishga rozi bo'lgan", - deydi Atayeva.
Qirg'izistondagi etnik qirg'inlardan keyin O'zbekistonda qolganlar soni 100 dan oshiq, Toshkent bosimidan qochib Qirg'izistonda yurgan qoraqalpoqlar esa 50 nafar atrofida, deya taxmin qilinadi.
17-aprel kuni Qirg'iziston sudi O'sh qirg'inlariga aloqadorlikda ayblangan o'zbek faollaridan biri Karomat Abdullayevaga nisbatan sirtdan chiqarilgan hukm - 16 yillik qamoq jazosini o'z kuchida qoldirdi.
Karomat Abdullayeva Qirg'izistondagi etnik qirg'inlardan keyin mamlakatni tark etishga majbur bo'lgan.
Qirg'iziston janubidagi fojia paytida 100 mingdan oshiq o'zbek O'zbekistonga qochib o'tgan edi.
Ularning aksariyati vatanga qaytgan, ammo qirg'iz hukumati etnik to'qnashuvda mamlakatdagi o'zbek faollarini ayblab chiqib, qamash va tazyiqlar avj olgan.
Qirg'izistonlik o'zbeklarning ayrimlari G'arbdan boshpana olgan, ba'zilar esa O'zbekistonda.
"Ko'pchiligi O'zbekistondagi qarindoshlarinikida yashashadi, ammo hammasi maxsus xizmatlar nazoratida, hujjatlari olib qo'yilgan, harakatlari cheklangan. Agar bu qochqinlar o'z vatanlariga qaytariladigan bo'lsa, ularni qiynoqlar kutib turibdi, o'zbeklarni ham, qoraqalpoqlarni ham", - deydi Atayeva.
Qoraqalpoq faollarining qachondan Qirg'izistonda yashayotgani noma'lum, ammo ular haqida Rossiya matbuotida mustaqil Qoraqalpog'iston tarafdori bo'lgan "Olg'a Qoraqalpog'iston" harakati bayonotlari paydo bo'lgach ko'proq gapirila boshlandi.
Ushbu harakat atrofida Ukrainadagi mojaro ortidan Qoraqalpog'iston mustaqilligi va Rossiya tarkibiga qo'shilish haqida gap boradi.
Toshkent tomonidan bo'lginchilar sifatida ko'rilayotgan qoraqalpoq faollarni O'zbekistonda uzoq muddatli qamoq jazosi kutmoqda, deydi Atayeva.
"Ularning aksariyati mehnat muhojirlari, kelib ketishadi. Ammo Qirg'izistonda nolegal tarzda yashashga majbur, ko'pchiligi qochqinlik maqomini so'rab BMTga murojaat qilishni lozim ko'rmagan", - deydi huquq himoyachisi.
Ikki davlat maxsus xizmatlari o'rtasida shunday kelishuv borligini hozirgacha O'zbekiston tomoni ham, Qirg'iziston tomoni ham tasdiq yoki inkor etmagan.