O'zbekiston Markaziy saylov komissiyasi Oliy Majlisga saylovlar yakunlarini e'lon qildi. Partiyalar parlamentdagi fraksiyalariga yetakchilar saylashgan. Mart oyida esa prezident saylovlari o'tishi kutilmoqda.
Oliy Majlis Qonunchilik palatasining yangi tarkibida O'zbekiston liberal-demokratlar partiyasidan 52, “Milliy tiklanish”dan 36, O'zbekiston xalq demokratik partiyasidan 27 va “Adolat” partiyasidan 20 vakil bor. 15 o'rin O'zbekiston ekologlari harakati uchun ajratilgan.
Markaziy saylov komissiyasiga ko'ra, ayrim uchastkalarda qayta ovoz berilib, 22 deputat saylangan.
Your browser doesn’t support HTML5
Liberal-demokratlar fraksiyasiga Sodiqjon Turdiyev, “Milliy tiklanish” fraksiyasiga Sarvar Otamurodov, Xalq demokratik partiyasi fraksiyasiga Hotamjon Ketmonov, “Adolat” fraksiyasiga Nariman Umarov lider etib tanlangan.
Saylovni kuzatgan faollardan biri Abdulla Tojiboy o'g'li so'zlariga ko'ra, yangi parlament jamoatchilik uchun biror o'zgarish qilmaydi.
“Sababi, parlamentga saylanganlarning ko'pini avvalgi deputatlar tashkil qiladi. Xalq ulardan hech qanday yangilik kutayotgani yo'q. Buni odamlarning saylov jarayonidagi ishtiroki ham ko'rsatdi. Bitta odam butun oila ovozini o'zi belgilagan nomzod uchun berdi”, - deydi Abdulla Tojiboy o'g'li.
29-mart kuni prezident saylovlari o'tishi kutilmoqda. Oliy Majlisga kelgan partiyalar hozircha bu saylov yuzasidan munosabatini, biror dasturini havola qilgani yo'q.
“Prezidentlik saylovi yuzasidan mavjud sukunat 2007-yilni eslatadi. Islom Karimov yana muddatini uzaytirishiga ko'pchilikning ishonchi komil. Bu qanday amalga oshishi haqida turlicha qarashlar bor. Agar partiyalar saylovda ishtirok etishmoqchi bo'lsa, fevralga borib ayonlashib qolar, Karimovning biron bir partiya nomidan ko'rsatilishi kutilmagan sovg'a bo'lardi. Lekin mening kuzatishlarimga ko'ra, bejizga oxirgi paytda referendum haqidagi qonunlarga tuzatishlar kiritilmadi. Karimovning muddatini uzaytirish uchun umumxalq referendumiga murojaat qilishlari ham mumkin”, - deydi Abdulla Tojiboy o'g'li.
Shvetsiyada yashayotgan siyosiy muhojir Hazratqul Xudoyberdi fikricha, Oliy Majlis saylovlari natijasida shakllangan yangi parlamentning asosiy vazifasi Karimovning prezidentlik muddatini uzaytirishdan iborat bo'ladi.
“Hozirgi deputatlar Karimov muddatini yana uzaytirib, mavqeini mustahkamlab berishadi. Ular prezident nima desa, shuni so'zsiz bajarishadi. Xalq xohishiga qarab emas, hukumat xohishiga qarab ovoz berishadi. Ular o'zlari qabul qilgan saylov erkinligi, so'z erkinligi haqidagi qonunlarni o'zlari oyog'osti qilishadi”, - deydi Hazratqul Xudoyberdi.
Oliy Majlisi uchun 21-dekabr kuni o'tgan saylovlarda biror muxolif partiya yoki nomzod qatnashmadi. Jarayonni kuzatgan Yevropada xavfsizlik va hamkorlik tashkiloti saylov raqobatsiz o'tdi, deya xulosa berdi.