O'zbekistonda Rossiya bilan hamkorlikda qurilishi rejalanayotgan Atom stansiyasi uchun Aydarko’l yoqasi taklif qilinmoqda. Bir tomondan suv tanqisligi, boshqa tomondan esa elektr energiyasi taqchilligi bilan to’qnash mamlakatda atom elektrostansiyasi qurish jamoatchilikda turli munozaralar qo’zg’agan.
Your browser doesn’t support HTML5
Ayrimlar atomni elektr taqchilligining asosiy yechimi sifatida ko’rayotgan bo’lsa, boshqalar ekologik vaziyat keskin yomonlashgan, suvsizlik tahdid solib turgan bir vaziyatda bunday loyiha ulkan xavfga aylanishi mumkinligidan xavotirda. Qurilish bo’yicha hali bitim imzolanmagan, Rossiya bilan muzokaralar davom etmoqda.
Atom elektrostansiyasini qurish yirik mablag’dan tashqari jug’rofiy qulaylik ham talab etadi. Dunyodagi atom stansiyalari yirik suv havzalari yoqasida joylashgan.
Orol dengizi qurishi ortidan O’zbekistondagi yagona yirik suv havzasi bu o’tgan asrning 60-yillaridan to’plana boshlagan Aydarko’l hisoblanadi. Ayni paytda uning umumiy maydoni 3 ming kilometr atrofida, uchta viloyat hududiga bo’lingan. Atom stansiyasini qurish uchun Navoiy viloyati tavsiya qilinmoqda.
Rossiya ilg’or texnologiyaga asoslangan, xavfsizlik ta’minoti kuchaytirilgan zamonaviy atom stansiyasi qurib bermoqchi. Loyiha qiymati ham, muddati ham, shart va tafsilotlari ham hali noma’lum, qurilish haqidagi hamkorlik bitimiga tayyorgarlik davom etayotgani aytiladi.
O'zbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoyev 30-may kuni Toshkentda “Rosatom” rahbari Aleksey Lixachevni qabul qildi. Bu uchrashuvdan so’ng Lixachev O’zbekiston atom stansiyasini qurish uchun Navoiy viloyatidagi maydonni taklif etayotganini, yaqin kunlarda hudud yuzasidan ma’lumotlar yig’ish boshlanishini bildirdi.
Qurilish maydonining aniqlashtirilishi O’zbekistonda atom stansiyasi bo’lishini muqarrar qilayotgandek. Rossiya bilan muzokaralarni faol olib borayotgan hukumat atom stansiyasi bo’yicha jamoatchilikdagi munosabat qanday ekanligi bilan qiziqayotgani kuzatilmaydi.
Munosabat esa turlicha, shu jumladan, ekologik vaziyat izdan chiqayotgan mintaqada atom stansiyasi qurilishi xavotirli va xavfli ekanligi haqida ham.
Toshkentlik sharhlovchi Anvar Nazir O’zbekistonda atom stansiyasining qurilishida nafaqat hukumat xohishi, balki jamoatchilik munosabatini ham inobatga olinish kerak, deb hisoblaydi.
“Ekologik vaziyat og’ir. BMT, Jahon banki hisobotlari vaziyatning yanada og’irlashishidan darak beryapti. Bundan tashqari, o’zi shundoq ham, suv tanqisligi asosiy muammo, stansiya uchun ulkan suv manbalari kerak. Xavfsizlik masalasida Rossiya kafolat berayotgan emish bu yangi zamonaviy reaktor, xavfsiz deb. Yaponiya dunyoda atom energiyasi bo’yicha eng rivojlangan davlat hisoblanadi, ammo u yerdagi atom stansiyasidagi fojia hamon ko’z o’ngimizda. Shunday ekan, xavfsizlikka kafolat bo`lish qiyin. Qolaversa, O’zbekistonning o’zi atom energiyasini rivojlantirish qudratida emas. Ko’pchilik bilmas, uran bizda ishlab chiqarilgani bilan uni to’yintirish, yoqilg’i sifatida ishlatish MAGATE ruxsati bilan faqat alohida davlatlarda qilinadi. Demak, bizning uran Rossiyada to’yintiriladi, zararli chiqindilari ham Rossiyaga bog’liq qoladi. Rossiyaning o’zi esa hozir chuqur inqirozda, shunga qaramasdan kafolat beryapti. Shuning uchun ham bu ko’proq siyosiy qarorga, Vladimir Putinning geosiyosiy loyihasiga o’xshaydi”, - deydi Anvar Nazir.
Prezident Mirziyoyev Rossiya ishtirokidagi yana bir yirik loyiha Qandim majmuasini ishga tushirilishi munosabati bilan atom stansiyasi bo’yicha bitim shu yilning kuziga borib imzolanishi kutilayotganini ma’lum qilgan edi.
Aydarko’lda atom stansiyasi qurish bo’yicha gap-so’zlar anchadan buyon mavjud edi, atom stansiyasi Orol qurishi ortidan mamlakatdagi yagona yirik suv havzasiga aylangan bu ko’l taqdiriga qanchalik ta’sir ko’rsatishi mavhum. Rossiya tomoni ham, O’zbekiston hukumati ham bu borada jamoatchilikka hozircha biror izoh berayotgani yo’q.
“Bir haqiqatni tan olish kerak, suvning o’zi muammo, yetarli emas. Loyiha Aydarko’ldagi suvning kamayishiga olib keladimi yoki radiaktiv chiqindilardan iborat suv omboriga aylanadimi? Bu suvni keyin qanday ishlatish mumkin bo’ladi? Aholi shuncha yil gaz taqchilligiga chidab kelmoqda, lekin yana 10 yildan keyin suvsizlikka qanday chidaydi, suvning o’rini nima to’ldirishi mumkin? Bu kabi savollarga javob yo’q, jamoatchilik esa buni bilishi kerak. Hukumat bir hisobot berishi kerak, nima uchun, qanday shart, ko’rsatmalarga ko’ra qurilmoqda. Atom o’z-o’zidan bu atom, kim uni boshqaradi, kim nazorat qiladi. O’zbekistonda atom energiyasi bilan bog’liq salohiyatning o’zi yo’q bo’lgan bir vaziyatda” - deydi Anvar Nazir.
“Rosatom” rahbari Lixachevning Rossiya matbuotdagi intervyusiga ko’ra, atom satansiyasini boshqarish uchun 2 mingga yaqin mutaxassis kerak bo’ladi. Mirziyoyev bilan o’tgan uchrashuvda bu mutaxassislarni Rossiyada tayyorlashga kelishilgan.