O’zbekiston diniy erkinlik bo’yicha “alohida xavotirga molik mamlakatlar” ro’yxatidan chiqish niyatida. Prezident Shavkat Mirziyoyev AQShga tashrifi chog'ida diniy e’tiqod erkinligini ta’minlashga qaratilgan “yo’l xaritasi” ishlab chiqilgani va uni hayotga tatbiq etish qarorida qat'iy ekanini bildirdi.
Your browser doesn’t support HTML5
AQShning Xalqaro diniy erkinlik bo’yicha komissiyasi (USCIRF) so’nggi o’zgarishlarni inobatga olgan holda 2018-yilda ham O’zbekistonni alohida tashvish uyg’otuvchi mamlakatlar qatorida qoldirdi. Bu xulosaga qamoqxonalarda hamon minglab diniy mahbuslar saqlanayotgani sabab bo’lgan.
O’zbekistondagi inson huquqlari bilan bog’liq vaziyat Mirziyoyevning Amerikadagi uchrashuvlari davomida muhokama qilingan mavzulardan.
Prezident matbuot xizmatiga ko’ra, AQSh prezidenti bilan uchrashuvda Mirziyoyev “diniy e’tiqod erkinligini ta’minlash bo’yicha keng qamrovli “yo’l xaritasi”ni hayotga tatbiq etishga qat’iy tayyor ekanligini” aytgan.
Bu va’da “alohida xavotirga molik mamlakatlar” ro’yxatidan chiqish uchun asos emas, ammo uning amaliyoti O’zbekistonni bu ro’yxatdan chiqarishi mumkin.
Diniy erkinlik O’zbekiston uchun hamon og’riqli masala, islohotlar bu sohada sezilarli o’zgarish qilmagan. 90 foizi musulmonlardan iborat aholini shartli ravishda "an’anaviylar" va "adashganlar"ga bo’lish mumkin. Qamoqda saqlanayotgan minglab diniy mahbuslar adashganlar hisobiga to’g’ri keladi.
Mirziyoyevning hokimiyatga kelgan dastlabki paytlaridan xalqqa mashhur qilgan qadamlarida diniy vaziyatga doir bayonotlar muhim o’rin tutadi. U diniy jamoatchilikka iftorlik bergan birinchi prezident hisoblanadi, shuningdek, diniy mahbuslarga nisbatan afv qo’llash vakolatidan Mirziyoyev birinchi bo’lib foydalandi.
Diniy ekstremizmda ayblanib qamalgan, aqidaparastlikda gumonlangan dindorlarga nisbatan Mirziyoyevning munosabati bir qarashda marhamatli ko’rinadi. Karimov davrida “qora ro’yxat”ga kiritilgan 17 mingdan oshiq odamning 16 mingga yaqini bu ro’yxatdan o’chirilgani e’lon qilingan.
Mirziyoyev davrida diniy mahbuslar ozodlikka chiqa boshladi, “adashgan” dindorlarni jamiyatga qayta qo‘shishga, ularni ajratib qo’ymaslikka chaqirdi.Prezident hatto "ekstremistlar" adolatsiz sudlov qurboni bo’lgani, ularni davlat, jamiyatni o’zi ekstremistga aylantirgani haqida ham gapirdi.
Bu bayonotlardan qat’i nazar O’zbekiston hamon diniy motivlar bilan qamalgan, vijdon tutqunlari sifatida e’tirof etilgan mahbuslar soni bo’yicha dunyodagi yetakchi davlatlardan biri. O’zbekiston qamoqxonalaridagi diniy mahbuslar soni aniq emas, huquq faollarining taxminiy hisoblariga ko’ra ular soni 12 mingdan oshiq.
O’zbekiston hukumati o'tmishda bu mahbuslar diniy ekstremistlar ekanini ta’kidlab kelgan. Yangi hokimiyatning pozitsiyasi ham shunga yaqin, har holda mahbuslarning aksariyati hamon qamoqda qolyapti.
AQSh Xalqaro diniy erkinliklar bo’yicha komissiyasi O’zbekistonni “alohida tashvish uyg’otuvchi mamlakat” sifatida qayd etib kelayotganining sabablaridan biri ham shu, ammo hammasi emas.
“O’zbekiston hukumati islom ekstremizmi tahdidi sabab qilib ko’rsatilayotgan din erkinligini keskin cheklash borasidagi umumiy siyosatidan voz kechgani yo’q”, deyiladi komissiya xulosasida.
Komissiya O’zbekiston diniy ayblovlar bois yuzlab fuqarolarini qidiruvga bergani, ularni ushlash, topshirish bo’yicha arizalar jo‘natayotgani, ko’plar O’zbekistonga topshirilayotganiga ham diqqat qaratgan.
O’zbekiston konstitutsiyasiga tajovuzda ayblanib, xorijda qochqinlikda yurgan Farxodning “Amerika Ovozi”ga aytishicha, qidiruvdagi o’zbekistonliklar topshirilishida xorijdagi elchixonalar faol ishtirok etadi.
“Yaqinda Malayziyadan o’zbekistonlik bir qochqin bolani ekstraditsiya qilishdi, uni topshirilishi bevosita O’zbekiston elchixonasi ishtirokida o’tgan. Elchixona vakillari politsiyaga kelib, unga tahdid qilishgan, otasiga bosim o’tkazishgan. U bolani BMTda qochqin sifatida ro’yxatdan o’tgani ham, unga bu haqda hujjat berilgani ham biror yordam ko’rsatmagan. Ularni Ozbekistondan chiqib ketishiga sabab esa diniy erkinlik bo’yicha o’z huquqini talab qilgani bo’lgan”, - deydi u.
Xalqaro diniy erkinlik bo’yicha komissiya O’zbekistondagi vaziyatdan kelib chiqib, AQSh hukumatiga o’z tavsiyalarini beradi.
Unda, jumladan, diniy mahbuslar saqlanayotgan “Jasliq” qamoqxonasini yopish, tinch diniy faoliyati yoki dinga tegishli ekanligi uchun qamoqqa olingan mahbuslarning ozod etilishi, O’zbekistonning “alohida xavotirga molik mamlakatlar” ro’yxatidan chiqishi uchun islohotlarga undash kabi tavsiyalar keltirib o’tilgan.