Sergey Shoygu Shavkat Mirziyoyevning Vladimir Putin bilan telefon muloqotidan so’ng Toshkentga tashrif buyurdi. Rossiya mudofaa vaziri Afg’onistondan O’zbekistonga kirishga tayyorlanayotgan “Islomiy davlat” to’dasi jangarilari haqida ma’lum qildi.
Mirziyoyevning Vashingtonga safari chog’ida Rossiyaning ayrim axborot vositalari Termiz viloyatida 5 mingga yaqin jangarilar to’planib qolgani haqidagi xabarlarni tarqatgan. AQSh nazarida, Rossiyaning asossiz bayonotlari AQSh-Markaziy Osiyo hamkorligiga putur yetkazish uchun qilinmoqda.
Your browser doesn’t support HTML5
Rossiya mudofaa vaziri bilan muloqot davomida Shavkat Mirziyoyev O’zbekiston mudofaa tizimi o’zgarayotgani, yangi harbiy doktrina va strategiya ishlab chiqilayotgani haqida so’zlagan. Uchrashuv yopiq eshiklar ortida ham davom etgani xabar qilinmoqda.
AQSh safaridan qaytgan Shavkat Mirziyoyev Vladimir Putin va Nursulton Nazarboyev bilan telefon orqali muloqot o’tkazdi. O’zbekiston tashabbusiga ko’ra o’tkazilgan muloqot chog’ida Putinning O’zbekistonga kutilayotgan davlat tashrifiga tayyorgarlik, ikki mamlakat o’rtasidagi strategik va ittifoqchilik munosabatlarini mustahkamlash muhokama qilingan.
Shoygu O’zbekistonga qanday aniq takliflar bilan borgani noma’lum, ammo o’zbekistonlik hamkasbi Abdusalom Azizov bilan o’tgan uchrashuv davomida munozarali bayonot qilgan.
Rossiya mudofaa vaziriga ko’ra, jangarilarning Suriyadan ko’chishi, Afg’onistonda vaziyatning beqaror qolayotgani O’zbekiston chegaralarida aniq tahdid yaratmoqda, xalqaro terrorizmning mintaqaga, jumladan O’zbekistonga kirish xavfi ortib bormoqda.
Sal avvalroq Rossiya tashqi ishlar vaziri o’rinbosari Oleg Sirmolotov ham Afg’onistonda “Islomiy davlat” guruhi jangarilarining soni 10 mingga yaqinlashgani, ular Markaziy Osiyoga bostirib kirishga, “Shimoliy Xuroson” davlatini tuzishga hozirlik ko’rayotgani haqida aytgan edi.
Rossiyadagi ba’zi ommaviy axborot vositalarida Termez viloyatida 5 mingga yaqin islomiy jangarilar to’plangani haqida asossiz xabarlar tarqalganiga qaramay, O’zbekiston raddiya bilan chiqmadi.
Rossiyaning Afg’oniston bo’yicha berayotgan bayonotlarini, asosan, AQSh keskin norozilik bilan qarshilamoqda.
Xususan, Pentagon so’zlovchisi podpolkovnik Kon Folknerning izohida aytilishicha, Rossiya bu kabi bayonotlardan AQSh va Markaziy Osiyo davlatlari o’rtasidagi sheriklikka putur yetkazish, ular o’rtasida dushmanlik urug’ini sochish uchun foydalanmoqda.
“Islomiy davlat” guruhining Markaziy Osiyoni bosib olishga urinayotgani haqidagi asossiz bayonotlar propagandadan boshqa narsa emas”, deyiladi Pentagon vakili izohida.
Shoygu Toshkentda ekan, Rossiya O’zbekistondan borgan 40 tonnaga yaqin mevalarni sanitariya me’yorlariga javob bermagani uchun mamlakatga kiritmagani ochiqlandi. Bozorini yopib qo’yish bilan tahdid qilish Moskva qo’llab kelayotgan bosim choralardan biri sifatida ma’lum.
Qrim-tatar Milliy Majlisi raisi o’rinbosari Ilmi Umerov Markaziy Osiyodagi vaziyatni, mintaqaning Rossiya bilan aloqalarini kuzatib keladi. Unga ko’ra Moskva bosimiga qarshi turish mintaqa hamjihatligini taqozo etadi, birlashgan Markaziy Osiyo oldidagi imkoniyatlar esa ulkan.
“So’nggi paytda Markaziy Osiyoda birlashishga harakat bo’layotgani quvonarli hol; Ostonada mintaqa liderlarining sammiti o’tdi. Unda Turkmaniston prezidentidan tashqari hamma rahbarlar qatnashdi, endi navbat mintaqa davlatlari imkoniyatlarini birlashtirish, biror xalqaro tashkilot tuzishga o’tish kerak. Rossiya prezidentining Markaziy Osiyo davlatlariga siyosiy, iqtisodiy bosimi saqlanib qolar ekan, mintaqa iqtisodida ham, siyosiy jarayonlarda ham o’zgarishlarni kutmang”, - deydi Umerov.
Rossiya va O’zbekiston mudofaa vazirlarining uchrashuvi chog’ida harbiy hamkorlikni rivojlantirish, Rossiyada tayyorgarlikdan o’tayotgan o’zbekistonlik harbiylar sonini bir necha baravar oshirish, harbiy-texnik hamkorlik yuzasidan hukumatlararo komissiya majlisini o’tkazish takliflari muhokama etilgan.
O’tgan hafta Prezident Mirziyoyev Vashingtonga tashrifi davomida bu mamlakat Mudofaa vaziri Jim Mattis bilan harbiy hamkorlik, AQSh ko’magida O’zbekiston mudofaa salohiyatini rivojlantirish haqida gap ketgan. Qo’shma Shtatlar bu boradagi hamkorlikni qo’llab-quvvatlamoqda, Prezident Tramp O’zbekiston AQShdan harbiy texnika sotib olishini aytdi.
Safari yakunlari haqida mahalliy televideniyega gapirgan Tashqi ishlar vaziri Abdulaziz Komilov Vashingtondagi muzokaralar O’zbekiston milliy manfaatlariga to’liq javob berishini, AQSh Afg’onistonda barqarorlikni o’rnatish maqsadini ko’zlayotganini, bu borada ikki tomonlama hamkorlik davom etishini ta’kidlab o’tgan.
Sergey Shoyguning O’zbekistonga tashrifi chog’ida ikki o’rtadagi harbiy hamkorlikni kengaytirishga doir yangi kelishuvlar imzolangani haqida ma’lumot yo’q.