O'zbekiston va Rossiya orasida mehnat muhojirlari faoliyatiga doir kelishuv imzolanishi kutilmoqda. Prezident Shavkat Mirziyoyev yaqin kelajakda Moskvaga safar qiladi. Kelishuv Rossiyadagi millionlab o'zbekistonlik mehnatkashlar uchun vaziyatni tartibga solishi maqsad qiladi.
Ko'plar nazarida xorijdagi o'zbekistonliklar huquqini himoyalash shartnomalarga emas, davlat pozitsiyasiga bog'liq. Rossiyada diskriminatsiya kundalik hol ekan, mehnat muhojirlari uchun sharoit hujjatlar bilan yaxshilanib qolmaydi.
O'zbekiston-Rossiya hukumatlararo komissiyasining Toshkentda o'tkazilgan navbatdagi muzokaralarida hamkorlikni rivojlantirishga qaratilgan masalalar, Moskvaga uyushtiriladigan tashrifga tayyorgarlik muhokama qilingan.
Mehnat muhojirlari to'g'risidagi hujjat tafsilotlari hali ma'lum emas. "Sputnik" agentligi xabariga ko'ra, ikkita kelishuv imzolanishi kutilmoqda. Ulardan biri O'zbekiston fuqarolarini Rossiyaga vaqtincha ishga jalb etish, ikkinchisi huquq-tartibot organlarining bu boradagi o'zaro hamkorligiga oid hujjat.
Xorijdagi o'zbekistonlik mehnat muhojirlarining asosiy qismi Rossiyada. Rasman ular soni bir milliondan oshiqroq deya ko'rsatilsa-da, aslida bu raqam kamida ikki baravar ko'p ekani aytiladi.
Bu muhojirlar taqdiriga O'zbekiston hukumati ham, Rossiya ham shu paytgacha befarq munosabatda.
Toshkentdan sharhlovchi Anvar Nazir masalani quyidagicha tahlil qiladi:
"Bu shartnoma yo'qligiga bog'liq emas, bu O'zbekiston tashqi siyosatining eng zaif nuqtasi. Butun dunyoda tashqi siyosatning asosiy omili xorijda yashayotgan, ishlayotgan o'z vatandoshini himoyalash hisoblanadi. Bu O'zbekiston diplomatiyasi tomonidan hech qachon qilinmagan. Bu nafaqat Rossiya bilan bog'liq, balki O'zbekistonda tashqi siyosat prinsipiga kiritilishi lozim bo'lgan masala. Mehnat muhojirlariga bog'liq shartnomaning bor-yo'qligi O'zbekiston hukumatining qo'lini bog'lab turgani yo'q. Avvalo hukumatning o'zida shunday maqsad bo'lishi kerak. Agar O'zbekistonning Moskvadagi elchixonasi shu maqsadda ishlayman desa, bunga uning haqqi bor, shug'ullanishi mumkin. Mehnat muhojirlarining sharoiti, to'lanmayotgan ish haqlari, boshqa huquqiy masalalar esa ko'p tomondan Rossiyaga bog'liq masala".
Rossiyada o'zbekistonliklar arzon ishchi kuchi hisoblanadi. Ular og'ir va "qora" mehnatda. Ular Rossiyada kuchayib borayotgan irqchilik tajovuzlaridan xoli emas.
Anvar Nazirga ko'ra, shartnoma imzolanishi bilan Rossiya jamiyatida muhojirlarga nisbatan munosabat o'zgara boshlashi qiyin masala.
"Men ishonmayman bu shartnoma imzolanishiga. Hozir tajribada faqat bitta O'zbekiston-Janubiy Koreya o'rtasida tuzilgan shartnoma bor va bu yaxshi misol bo'la oladi. Bu vaziyatda ko'p narsa Rossiyaning o'zida mehnat muhojirlariga munosabat o'zgarishiga ham bog'liq. Hozirgi Rossiyadagi muhit, uni agar Koreyadagiga nisbatan solishtirganda ham, mehnat muhojirlariga arzon ish kuchi, qulga nisbatan qarashdek bir vaziyat mavjud. Bu Rossiyaning ichki muammosi. O'zbekiston buning yechimini topa olmaydi. O'zbekiston nima qilishi mumkin, faqat elchixonalari orqali o'z fuqarolari himoyasini kuchaytirishi mumkin. Mana, virtual qabulxona misolida "qaynoq liniya"lar ochsin, mehnat muhojirlari bilan muloqotga chiqsin. Lekin afsus, elchixonalarimiz hamon bunday himoyadan o'zlarini olib qochayapti", - deydi u.
Mirziyoyev 4-5 aprel kunlari Rossiyaga borishi belgilangan. Bu o'tgan yilning dekabr oyida rasman prezidentlikka kirishgan Mirziyoyev uchun birinchi xorijiy safar bo'lishi mumkin. Oldingi rahbar, marhum Islom Karimov Rossiyadagi mehnat muhojirlariga nisbatan tanqidiy qarab, ularni "dangasalar" deb atar edi.