Amerika Ovozi muxbiri Toshkentda sudga tortiladi

  • Amerika Ovozi

"Amerika Ovozi" nazarida Boboyev jurnalist sifatida o'z ishini haqqoniy bajargani uchun jazolanmoqda

Uzoq yillardan buyon “Amerika Ovozi” O’zbek xizmati bilan hamkorlik qilib, mintaqadagi shtatsiz-jamoatchi muxbir sifatida faoliyat yuritib kelayotgan, Malik Mansur taxallusi ostida qalam tebratgan Abdumalik Bobayev 4 oktabr kuni sud sud oldida javob beradi.

Muxbirimizga bugun shunday ma'lum qilingan. Toshkent shahar prokuraturasi jurnalistni O’zbekiston jinoiy kodeksining to’rt moddasini buzganlikda ayblamoqda.

Jumladan chet elga noqonuniy kirib-chiqqanlik, hukumatga nisbatan tuhmat va haqorat, "O'zbekiston mavqeini jamoatchililik oldida obro'sizlantiruvchi", "milliy g'ururni kamsituvchi ma'lumotlarni radioga uzatish" hamda aholi tinchligi va xavfsizligiga raxna soluvchi materiallar tayyorlab, ularni tarqatganlikda.

Malik Mansur bu ayblovlarning barchasini rad etib, tanqidiy maqolalalari uchun nishonga olinayotganini aytmoqda. U Tashqi ishlar vazirligida akkreditatsiyadan o'tish uchun bir necha bor murojaat qilgan, ammo javob olmagan.

“O’tkazilgan tergov-surishtiruv jarayonida men jurnalistlik faoliyatim, xususan mening maqolalarimga qo’yilgan baholarning asossizligini aytdim. Jurnalist sifatida men biror muammo yoki ijtimoiy vaziyat haqida yozganimda har bir masalaga nisbatan turli munosabat va qarashlarni aks ettirganimni aytdim",- deydi u.

"Shuningdek, maqolalarimda rasmiy ma’lumotlardan, muammoga nisbatan mustaqil qarashlarga ega bo’lgan nodavlat tashkilot vakillarining munosabat va mulohazalaridan manba sifatida foydalanganimni aytdim. Maqolalarim tanqidiy bo’lishi mumkin, lekin ular hech qachon haqoratlash va norozilikka undash uchun yozilmagan”.

Malik Mansur haqiqatdan ham O’zbekistonda hammaga ayon voqea va muammolarni xolisona yoritib keladi. O’z vazifasini professional ravishda, qolaversa, “Amerika Ovozi” jurnalistik qoidalariga sodiq holda bajaradi.

Tashkilot direktori Denfort Ostinning aytishicha, jurnalist o'z ishini haqqoniy bajargani uchun jazolanmasligi lozim.

Qo'shma Shtatlar muxbirimiz taqdiri yuzasidan xavotir bildirmoqda. AQShning Yevropada Xavfsizlik va Hamkorlik Tashkilotidagi elchisi Yan Kelli deydiki:

“2005 yildan beri "Amerika Ovozi" uchun ishlab kelsa-da, hukumatdan akreditatsiya olishga qayta-qayta urinsa-da, hukumat Abdumalik Boboyevning arizalarini e’tiborsiz qoldirib kelgan. Muxbir akreditatsiyasiz ishlashga majbur bo’lgan, ro’yxatdan o’tmagan holda ishlayapsan, degan tanqidlardan himoyasiz qolgan. Bu siyosat-taktika adolatsizdir”.

Tashkilotimizning maqsadi xabar va yangiliklarni xolis va faktlarga asoslangan holda ommaga yetkazish. O’zbek xizmati har kuni yarim soatlik radio eshittirish beradi. Shuningdek, har hafta “Amerika Manzaralari” nomli televizion ko’rsatuv tadqim etadi. Barcha dasturlar sun’iy yo’ldosh orqali efirga chiqadi.