Amerikadagi o'zbek profesionallari - Zohid Salohiddinov

  • Amerika Ovozi

Zohid Salohiddinov

So’nggi yillarda Amerikaga kelib, muvaffaqiyatlarga erishayotgan o’zbekistonliklar ko’payib bormoqda. “Amerika Ovozi” bunday insonlar haqida muntazam ravishda ma’lumot berib boradi. Bugungi qahramonimiz farg’onalik Zohid Salohiddinov bo’lib, Nebraska shtatida tahsil oldi, hozir Kolorado shtatidagi startap kompaniyasida muhandis bo’lib ishlayapti.

Your browser doesn’t support HTML5

Amerikadagi o'zbek profesionallari - Zohid Salohiddinov

Zohid Salohiddinov 2013-yilda Amerikaga ilk bor kelishi bilanoq bu diyorga mehr qo’yadi va oliy ma’lumotni shu yerda olishni niyat qiladi. 7 yil oldin Farg’onada o’rta maktabni tamomlaganidan so’ng Nebraskaga qaytib kelib, arxitektura fakultetiga o’qishga kiradi.

“O’zbekistonning Farg’ona shahridanman. 2015-yil Nebraska universitetining arxitektura fakultetida o’qishni boshlab, ikki yil avval bakalavrlik darajasini oldim”.

Ikki mamlakat ta’lim tizimi bir-biridan keskin farq qilsa-da, Zohid o’qishga qiynalmadi.

“Bu yerda universitet tarafidan o’qishni muvaffaqiyatli tamomlash uchun talablar boshidan qo’yiladi, lekin talablarning o’zida darslarni rejalashtirish imkoniyati bor. Xalqaro studentlar o’qishning birinchi yilida bunday ta’lim tizimidagi o’zgarishlarga moslashishda katta qiyinchilikka yuz tutishi mumkin. Universitet bitiruvidan bir oz avval Kolorado shtatining Denver shahrida asoslangan “Engineering Operations” startap kompaniyasidan ish taklifini qabul qildim va bugungi kunda shu kompaniyada infratuzilma muhandisi mutaxassisligi bo’yicha ish faoliyatimni olib boryapman".

Zohid ishlayotgan kompaniya “Engineering Operations” deb ataladi. Bosh idorasi Kolorado shtatining Denver shahrida joylashgan. Florida, Luiziana, Montana, Ayova, Nebraska, Missisippi va Nyu-Meksiko shatlarida ham faoliyat yuritadi. Shirkat muhim ishlar bilan shug’ullangani uchun pandemiya paytida ham faoliyatini to’xtatmadi.

“Kompaniyamiz ko’priklarni loyihalash va inspeksiya xizmatlarini taqdim etadi. Ba’zi ko’priklar inshoot poydevorini tekshirish uchun suv ostiga sho’ng’ishni talab qiladi. Masalan, Kolorado shtatida joylashgan “Blu Mesa” (Blue Mesa) suv ombori ko’prigini tekshirish uchun 120 metr suv ostiga sho’ng’ishga to’g’ri kelgan. Shunaqa qobiliyatga ega kompaniylar soni sanoqlidir. Muhandislar soni ko’p bo’lishi mumkin, lekin dayver (sho’ng’uvchi) muhandislar soni juda kam. Ba’zi hollarda ko’priklar balandlikda bo’lsa, biz kvadrokopterlardan (dron) foydalanamiz. Ishimizning aynan shu qismi meni dron litsenziyasini olishimga ilhomlantirdi. Bo’sh vaqtimda Kolorado manzaralarini dron yordamida suratga olaman".

Zohid arxitekturadan boshqa narsalarga ham qiziqadi. Masalan, Kolorado tabiati haqida ajoyib film ishlagan. Kelajakda film yaratish bilan shug’ullanishni xohlaydi.

Zohidning ota-bobolari ham muhandis bo’lgan. Shuning uchun qanday kasb egasi bo’lishini oldindan bilgan. Ishi qiyin bo’lishiga qaramay, uni sevadi, insonga o’sishda yordam beradi, deydi u. Bu kasbga talab katta ekanini aytadi.

“Albatta, har bitta kasbning o‘ziga xos qiyinchiliklari bor. Bizning holatimizda dayver suv ostidan chiqayotganida xavfsizlik andozalariga rioya qilish qiyinchilik tug’dirishi mumkin. Masalan, yuqoriga har 15 metrga chiqayotganda 5 daqiqa kutib turishi shart, aks holda juda tez shong’ib chiqayotgan dayver bosim farqi sababli falaj holatiga tushib qolishi mumkin. Bizning kompaniyamizda bu holat uchramagan va buning oldini olish uchun qo’limizdan kelgancha harakat qilamiz”.

Zohid AQShda o’qish ishtiyoqida bo’lgan yoshlarga tor yo’nalishdagi mutaxassisliklarni tanlashni tavsiya qiladi. O’qish qiyin bo’ladi, ammo bunday kasb egalariga odatda talab ham katta bo’ladi, deydi u.

“Hozirgi kunda AQShga o’qish niyati bilan kelgan yoshlar bo’lsa, men ularga noyob o’qish yo’nalishini tanlashni maslahat bergan bo’lardim. Chunki o’qish yo’nalishi qanchalik qiyin bo’lsa, o’sha kasbga shunga yarasha talab ham katta bo’ladi”.