AQShning Yuqumli kasalliklarga qarshi kurash markazi elektron sigaretalar o’pka kasalligiga sabab bo’layotgani haqidagi hisobotlarni inobatga olib, favqulodda yordam markazlarini ishga tushirdi.
Markaz 380 ta ana shunday holatni o’rganishga kirishdi. Ma’lumotlarga ko’ra, shulardan olti nafari elektron sigaretalar ta’sirida nobud bo’lgan bo’lishi mumkin. Mutaxassislardan biri bunday mahsulotlarni butunlay man qilishga chaqirmoqda.
“Elektron sigaretalar o’limga yetaklovchi nuqsonli mahsulot. Hukumat zarur sinovlar o’tkazib, tegishli qoidalar ishlab chiqmaguncha ularni sotuvdan olib tashlash kerak. Hozir bozorda har qanday turdagi elektron sigaretani ko’rish mumkin. Odamlar ularni xarid qilganda o’z tanasi bilan rus ruletkasini o’ynamoqda”, - deydi Garvard universitetining tibbiyot fakultetidan doktor Jonatan Vinikoff.
Ba’zilar elektron sigaretalarni tamaki mahsulotlaridan xavfsizroq deb hisoblaydi. Hukumat bunday da’volar isbotlanmaganini aytib, elektron sigareta ishlab chiqaruvchi kompaniyalarni bu mazmunda reklama qilmaslik haqida ogohlantirdi.
Kaliforniya shtatida yoshlarni e-sigaretalar iste’molidan qaytarish uchun 20 million dollarlik itimoiy kampaniya ishga tushdi.
Nyu-York va Chikago kabi yirik shaharlarda meva va qandolat ta’mli elektron sigaretalar savdosi man qilinish arafasida.