“Vatandosh” O’zbek-Amerika jamiyati uydagi zo’ravonlik va oila psixologiyasi mavzusida Nyu-Yorkda seminar o’tkazdi. Unda Amerikada faoliyat yuritayotgan huquqshunos Farrux Nuriddinov va O'zbekistondan tashrif buyurgan ruxshunos Boboyor To'rayev qatnashdi.
Your browser doesn’t support HTML5
“Vatandosh” bu mavzuni 2015-yilda ham ko’targan edi. Muammo hamon dolzarb. Seminarda ayni mavzuni qayta muhokama qilishdan maqsad - bu safar muammoning ildiziga nazar solib, yechim taklif qilish, mutaxassislar maslahatini ulashish.
Seminarda so'zlaganlar Amerikada yashayotganlarning er, xotin, ota-ona sifatida huquqlari, ota-onalarning farzandlari oldidagi huquq va burchlari, bolalar huquqi, qanday hatti-harakatlar bu mamlakatda jinoyat hisoblanishi haqida misollar keltirdi va istalmagan holatlarni chetlab o’tish yo'lida o'z maslahatlarini ayamadi. Ayniqsa, AQShga kelgan yangi muhojir nimalarni bilishi, qanday tayanch ma'lumotga ega bo'lishi kerakligiga alohida, batafsil sanab o'tdi.
O’zbekistonlik oilalarda yana bir ko’p uchraydigan holat, uydagi zo’ravonlik mahalliy politsiyaga oshkor bo’lgandan so’ng, fikridan qaytish yoki haqiqatda tomonlar murosaga kelishib arizani qaytarib olishga qaror qiladi. Lekin ish ochilgan bo'lsa arizani qaytarib olishning iloji bor yoki yo'qligi, jarayon qanday kechishi haqida huquqshunos Farrux Nuriddinov ma'lumot berdi.
Seminar tashkilotchilari oilalar yangi jamiyatga moslashish jarayonida ruxiy madad, maslahat ham joiz deb bilisharkan tajribali ruxshunoz Boboyor To'rayevni taklif qilgan. Mutaxassis psixologiyaning oila mustahkamligi yo'lida ro'li, xususan zo'ravonlikning oldini olishda jahl va agressiyani boshqarish yuzasidan maslahatlar berdi.
Amerikada yashayotgan o’zbekistonliklarni yangi muhitga moslashish jarayonida qo’llab-quvvatlashni “Vatandosh” O’zbek-Amerika jamiyati o’z faoliyatini boshlagandan buyon maqsad qilgan. Jamiyat o'zbek tilida ma'lumot beruvchi mutaxasislar ishtirokidagi seminarlarini 2013-yillardayoq boshlagan.
Unda AQSh soliq tizimi va soliq deklaratsiyasini to'g'ri to'ldirish, ta'lim dasturlari va grantlar, nafaqa va moliyaviy rejalashtirish, sog'liq sug'urtalari va moddiy yordam dasturlari, qolaversa Amerikada bola tarbiyasi mavzularini qamrab kelmoqda.
“Vatandosh” o'zbekistonliklarning Amerika hayotiga moslashish jarayonida foydalanishi mumkin bo'lgan qo'llanma chop etish niyatida.