Venesuela muxolifati AQShdagi diplomatik mulkni nazoratiga olmoqda

  • Amerika Ovozi

Muxolifat Vashingtonda Venesuela Mudofaa vazirligiga qarashli binoni nazoratiga olmoqda

Venesuela hukumati muxolifat yetakchisi Xuan Guaydo tarafdorlarini AQShda Venesuelaga qarashli ayrim diplomatik vakolatxonalarni o’z nazoratiga olganini noqonuniy harakat deya qoraladi.

Guaydo o’zini muvaqqat prezident deb e’lon qilgan, Qo’shma Shtatlar esa uning vakolatini tan olgan. Oq uy saylangan Prezident Nikolas Maduroni yakkalatishga urinmoqda.

Guaydo tarafdorlari Vashington shahrida Venesuela Mudofaa vazirligiga tegishli ikki binoni va Nyu-Yorkdagi konsullik xizmatini ishg’ol qilishga harakat qilganida ularga deyarli hech kim qarshilik ko’rsatmadi.

“Nikolas Maduro rejimi rasmiylari bu imoratni noqonuniy egallab kelgan edi”, - deydi Guaydo hukumatida konsullik vaziri lavozimini olgan Gustavo Markan.

Bundan oldin Maduro AQShdagi 55 diplomatga vataniga qaytishni buyurgan. Biroq 12 nafari qolib, Guaydo tarafiga otishni afzal ko’rdi.

Parlament spikeri Maduroni o’tgan yilgi prezident saylovlarida muxolif nomzodlar ishtirokiga to’sqinlik qilganlikda ayblab, uning vakolatini tan olishdan bosh tortdi.

Vashington barcha diplomatlarini Karakasdan chiqarib oldi. Guaydoning yaqin maslakdoshlaridan biri Roberto Marrero xavfsizlik kuchlari tomonidan hibsga olindi.

Venesuela Tashqi ishlar vazirligi AQShdagi diplomatik mulkning o’zlashtirilishini xalqaro qonunga xilof harakat deb qoraladi. Biroq Guaydo uning hukumatini AQSh va ko’plab boshqa davlatlar tan olganiga ishora qilmoqda.

2011-yilda AQSh sobiq prezidenti Barak Obama Muammar Qaddafiyni hokimiyatdan chetlashtirishga qaratilgan harakatlarni qo’llab-quvvatlash maqsadida Liviyaning AQShdagi diplomatik mulkini Muvaqqat milliy kengashga topshirgan edi. Qaddafiy keyinchalik muxolifat tarafdorlari tomonidan vahshiylarcha o’ldirilgan.

Venesuelaning Vashingtondagi elchixonasi hali ham Maduro hukumati tasarrufida. Qo’shma Shtatlar Maduro hukumati manfaatlarini himoya qilayotgan uchinchi mamlakat bilan Venesuela siyosiy kelajagi xususida muzokara qilmoqda.

“Venesuela barcha mulki va mulki nazoratini shu tarafga topshirgan va AQSh hozir shu davlat bilan muzokara qilmoqda”, - deydi Vashingtondagi Brukings institutidan tahlilchi Skott Anderson.

Agar Venesuelaning AQShdagi barcha diplomatik vakolatxonalari muxolifat nazoratiga o’tsa, Guaydo hukumati AQShdan yordam olishi osonlashadi va hatto, Maduro hukumatiga qarshi harbiy chora ko’rishni ham Vashingtondan so’rashi mumkin bo’ladi.