AQSh Qurolli kuchlarining iste’fodagi serjanti Jon Pek 2010-yilda Afg’onistonda portlash paytida ikki qo’li va ikki oyog’idan ayrilganiga qaramay, protezga ehtiyoj qolmadi. Shifokorlar transplantatsiya yordamida ikki qo’lini tiklashdi.
Your browser doesn’t support HTML5
Sobiq serjant vafot etgan o’g’lining qo’llarini kasalxonaga vasiyat qilgan ota-onadan minnatdor.
Transplantlar nogironlikni tuzatishga yordam bermoqda, ammo Jon Pek hali yangi tana a’zolariga o’rganmagan.
“Har kuni bu qo’llarga qarab, ularning meniki emasligini, boshqa birovniki bo’lganini o’zimga eslataman”, - deydi u.
Pek qo’llaridan mahrum bo’lgach, avval protez bilan yurdi, so’ng unga haqiqiy qo’l qo’yishdi. U bilan ishlayotgan fizioterapevtlar natijadan mamnun.
“Bir yildan beri mashq qilamiz. Katta yutuqlarga erishdik. Qo’llarini ancha yaxshi ishlatyapti, bilaklari kuchga to’lyapti, kun-sayin mustaqillikka erishmoqda”, - deydi shifokor Annmeri Orr.
“Mashg’ulotlar borgan-sari murakkablashib, qo’l funksiyalari o’z holatiga asta-sekin qaytmoqda”, - deydi fizioterapevt Alissa Olsen.
Vashington yaqinidagi “Uolter Rid” harbiy kasalxonasida jang maydonlarida tana a’zolarini yo’qotgan ko’plab urush faxriylarini uchratish mumkin, ammo hammasi ham transplantatsiyaga rozi bo’lmayapti, chunki tana begona a’zoni qabul qilmasligi mumkin.
Pek va unga o’xshagan bemorlar 25 tadan 30 donagacha dori ichishga majbur, aks holda ahvoli og’irlashishi mumkin; jismoniy mashqlarni ham uncha-muncha odam ko’tara olmaydi. Faxriy amaliyotga rozi bo’lganidan xursand.
“Natijasini ko’ryapman. Maqsadlarim bor. Birovga qarab qolgim yo’q. Hamma narsani o’zim qilsam deyman”, - deydi Jon Pek.
16 soat davom etgan jarrohlik amaliyotida 60 nafar shifokor va mutaxassis qatnashdi. O’lim to’shagida yotgan faxriy yangi hayotga imkoniyat uchun ulardan bir umr minnatdor.