Shimoliy Koreya Amerika bilan do'stlashib ketishi mumkinmi?

  • Amerika Ovozi

AQSh va Shimoliy Koreya rahbarlarining muloqotlari natijasida Shimoliy Koreya Amerika bilan aloqalarni yaxshilashga qaror qilsa, Vyetnam yo’lidan borishi mumkin. Bir paytlar Qo’shma Shtatlar bilan urush qilgan mamlakat bugun Amerikaga do’st.

Your browser doesn’t support HTML5

Shimoliy Koreya Amerika bilan do'stlashib ketishi mumkinmi?

Vyetnam kommunistik davlat bo’lishiga qaramay, so’nggi yillarda AQSh bilan yaxshi aloqalarni yo’lga qo’ygan.

O’tgan yili vafot etgan AQSh senatori Jon Makkeyn Vyetnam urushi paytida uchgan samolyot urib tushirilgan joyda hozir yodgorlik qad ko’tarib turibdi. Urushda uchuvchilik qilgan Makkeyn o’shanda asirga tushib, besh yarim yildan so’ng ozod etildi. Vyetnamda ikki mamlakat o’rtasidagi mojaroni eslatuvchi ko’plab yodgorliklar bo’lishiga qaramay, vyetnamliklar o’tmishni eslashni xohlamaydi.

“Amerika haqida gapirishsa, taraqqiyot, zamonaviylikni tasavvur qilaman”, - deydi xanoylik Nguyen Kxak.

“Amerikaliklarni yaxshi ko’ramiz, ular xushchaqchaq, mehribon xalq”, - deydi poytaxtlik talaba.

1960-yillarda urush qilgan bu davlatlar 1995-yilda diplomatik aloqalarni tiklagan. Ayrim masalalarda o’xshash siyosat yuritishadi. Masalan, AQSh ham, Vyetnam ham Xitoy siyosatidan tashvishda.

“Vyetnam Amerikaning mintaqada faolroq bo’lishini xohlaydi. Shunda Xitoyga bosim qo’yish osonroq bo’ladi deb o’ylashadi”, - deydi Amerikaning Vyetnamdagi sobiq elchisi Deyvid Shir.

Ikki mamlakat harbiy aloqalarni ham kuchaytirgan. O’tgan yili Qo’shma Shtatlar urushdan keyin ilk bor Vyetnamga avianosetsini yubordi.

Amerikada ko’p tanqidga uchraydigan Donald Trampni Vyetnamda yaxshi ko’rishadi.

“U juda ham aqlli prezident”, - deydi biri.

“McDonald’s” va “KFC”ni yaxshi ko’rarkan. Zo’rku!” – deydi boshqasi.

Agar kechagi g’anim bugun do’st bo’lgan bo’lsa, Shimoliy Koreya ham shu yo’ldan borishi mumkinmi?

“Urush o’tmishda qolib ketdi, biz bugun va kelajak bilan shug’ullanmoqchimiz. Kim Chen Un Vyetnamga kelib, bizning dunyoqarashimizni ko’rsa yaxshi bo’lardi, axir tinchlik hammaga kerakku!” – deydi xanoylik yoshlardan biri.