Donald Tramp yaqinda ilk bor xorijga safar qildi. Bu yangi prezidentning tashqi siyosati bundan buyon qanday bo'lishi haqida to'liq tasavvur hosil qilish imkonini beradimi?
Kamina - Behzod Muhammadiy va hamkasbim Odil Ruzaliev "Vashington choyxonasi" dasturining navbatdagi sonida Trampning tashqi siyosati haqida suhbat qurdik.
Behzod Muhammadiy: Trampning birinchi xorijiy safarida tashrif buyurgan davlatlarini sanab o'tsak. Bular - Saudiya Arabistoni, Isroil, Belgiya va Italiya. Ahamiyatli jihati shundaki, bularning uchtasi dunyoning uch yirik dini - islom, yahudiylik va nasroniylikning muqaddas maskanlari joylashgan davlatlar. Tramp ilk safarini nega bu davlatlardan boshladi, deb o'ylaysiz?
Odil Ruzaliev: Saudiya Arabistoniga tashrifdan boshlasak. Nazarimda, Tramp to'rt maqsadni ko'zlagan.
Birinchidan, Tramp tadbirkor. Saudiya Arabistoni boy mamlakat, Obama tomonidan inkor etilgan, AQSh bilan hamkorlikka muhtoj, 110 milliard dollarlik qurol savdosi, 250 milliard dollarga teng qo'shimcha tijoriy loyihalar - ish o'rinlari (saylov kampaniyasi va'dalarini bajarmoqda). Hozircha bularning hammasi muhokamada, kontraktlar imzolanmagan hali.
Ikkinchidan, Tramp atrofidagi siyosatchilar Isroilga xayrixoh odamlar va shu sababdan Isroilning ashaddiy dushmani - Eronga qarshi - sobiq milliy xavfsizlik maslahatchisi general Maykl Flinn, Mudofaa vaziri Jeyms Mattis, BMTdagi sobiq elchi Jon Bolton. Islom dunyosida Eronni Saudiya Arabistonichalik yomon ko'rmaydigan davlat yo'q. Dushmanimning dushmani mening do'stim qabilida qirollikka tashrif chog'ida Eronning mintaqadagi ta'sirini tushirish masalasi ham ko'tarilgan.
Uchinchidan, Tramp har sohada Obama siyosatining teskarisini qilyapti va Obama erishgan yutuqlarni yo'qqa chiqaryapti. Eron bilan yadroviy bitimga salbiy munosabati, iqlim o'zgarishiga qarshi Parij bitimidan chiqishi, Trans-Tinch okeani hamkorlik bitimidan chiqishi, Obama tashabbusi bilan Kuba bilan yaxshilangan aloqalarning Tramp ma'muriyati tomonidan qayta ko'rib chiqilayotgani, "Obamakeyr" tibbiy sug'urta dasturining yo'q qilinishi - yana ko'plab misollar keltirish mumkin. Ana shu ma'noda Saudiya Arabistoniga tashrif ham Obama siyosatidan uzoqlashishdir. Saudiya Arabistonining Obama ma'muriyati bilan munosabatlari sovuq bo'lgan - qurol savdosiga taqiq qo'yildi, Eron bilan yadroviy bitim imzolandi, qirollikning Yamandagi amaliyoti Obamaga manzur bo'lmadi, Obama "Musulmon birodarlar" harakati va undan prezident bo'lgan Mursiyni Misrda qo'llab-quvvatladi. Saudiya Arabistoni "Musulmon birodarlar"ni terrorchi tashkilot deb hisoblaydi, XAMASni uning Falastindagi qanoti deb biladi va XAMAS bilan ham aloqalari sovuq. AQSh esa XAMASni terrorchi tashkilot deb biladi.
To'rtinchidan, Tramp saylov kampaniyasi paytida musulmonlar va islomga qarshi gaplar gapirgan edi. Saylanganidan so'ng bir necha musulmon mamlakat fuqarolariga AQShga kirishni taqiqlaganidan so'ng musulmon dunyosida keskin tanqidga uchradi. Bundan tashqari, Suriya, Iroqdagi urushlarni muvaffaqiyat bilan yakunlash, "Islomiy davlat"ni yengish, Isroil-Falastin mojarosiga yechim topishga va'da bergan Tramp bu maqsadlarga musulmon davlatlari yordamisiz erisha olmasligini tushungan ko'rinadi. Shu sababdan Saudiya Arabistoniga tashrif buyurish va u yerda nutq so'zlash bilan musulmonlar va musulmon davlatlar mehrini qozonishni maqsad qilgan.
Respublikachilar, umuman, tarixan Saudiya Arabistoni bilan yaxshi aloqada bo'lgan. Kenja Jorj Bushni eslang, uning otasini.
Behzod Muhammadiy: Tramp Obamani yoqtirmasligi mumkin dedingiz. Nega shunday fikrdasiz?
Odil Ruzaliev: Nazarimda, saylov kampaniyasi paytida Obama Trampni keskin tanqid qilgani uchun, Klintonga yon bosib, jon-jahdi bilan u uchun tashviqot olib borgani Trampga yoqmagan. Mafkuraviy farqlar ham bor - Obama - demokrat, Tramp - respublikachi.
Behzod Muhammadiy: Trampning musulmon yetakchilar bilan Riyoddagi uchrashuvi Yevropadagi AQSh ittifoqchilari bilan bo'lgan uchrashuvlarga qaraganda silliqroq kechgani aytilyapti. Buning sababi nimada deb o'ylaysiz?
Odil Ruzaliev: Tramp tashqi siyosatdagi ayrim maqsadlariga erishishda islom dunyosidagi nufuzli mamlakatlardan biri bo'lmish Saudiya Arabistoni yordami va hamkorligiga muhtoj. Obamaning qirollik bilan passiv siyosati tufayli saudiyaliklar Rossiya bilan yaqinlashib ketayotgan edi. Yana pul masalasiga to'xtalamiz. Saudiyaliklar qurol uchun, xavfsizligi uchun, AQSh bilan hamkorlik uchun katta pul to'lashga tayyor, Tramp esa tadbirkor, buni unutmaslik kerak. NATO a'zolarining ba'zilari esa a'zolik badali, mudofaaga kamroq pul ajratib, Amerika ko'proq pul sarflashga majbur bo'lib kelayotgan edi.
Behzod Muhammadiy: Ayrim tahlilchilar Trampning birinchi xorijiy safaridan so'ng uning tashqi siyosati oydinlashdi, demoqda. Siz shu fikrga qo'shilasizmi?
Odil Ruzaliev: Yo'q. Gap shundaki, Trampdan odam nima kutishni bilmaydi. Saylovoldi chiqishlarida Xitoyni ko'p tanqid qildi, u bilan qattiq gaplashamiz, dedi. Prezidentlikka saylanganidan so'ng Xitoy prezidenti Amerikaga keldi, Tramp uni yaxshi kutib oldi, Xitoyni maqtay ketdi. Saylov kampaniyasi paytida musulmonlarga qattiq gapirdi, yaqinda esa Saudiya Arabistoniga borib keldi. Saylovdan oldin Tramp Suriya prezidenti haqida ijobiy gaplar aytgan edi, saylanganidan so'ng uni tanqid qildi, hukumat kuchlarini qanotli raketalar bilan nishonga oldi. Saylovdan oldin Tramp Rossiya bilan aloqani tiklayman, Qrimni Rossiya hududi sifatida tan olaman degan edi, hozir to'nini teskari kiyib olgan. Xullas, Trampning aytgan gaplari bilan qilayotgan ishlari o'rtasida nomutanosiblik bor. Buning sababini men hali tushunganim yo'q. Ayrimlar Tramp tajribasiz, siyosat bilan oldin shug'ullanmagan, dunyo siyosatini endi o'rganyapti deb izohlasa, boshqalar Trampni aqlli deb hisoblamaydi, ochiqchasiga bilimsiz, deyishadi va yana ba'zilar uni nostandart fikrlaydigan arbob sifatida ta'riflaydi. Oxirgi fikrga Trampning o'zi ham qo'shiladi. Xullas, men shaxsan haligacha tashqi siyosat qanday bo'lishini bilmayman, chunki nazarimda Tramp uzoq muddatli strategiyani ishlab chiqa olmaydi, aksincha, qisqa muddatli manfaatlarga qarab ish ko'radi.
Behzod Muhammadiy: Shu yerda AQSh rahbarlarining xorijiy safarlariga oid ayrim statistik ma'lumotlarni ham keltirib o'tsak. Xorijga safar qilgan birinchi AQSh prezidenti Teodor Ruzvelt bo'lgan ekan. U 1906-yil AQSh prezidenti sifatida Panamaga borgan. Deyarli barcha AQSh rahbarlari ilk xorij safarini qo'shni davlatlardan, yo Meksika yoki Kanadadan boshlagan. Faqat Jimmi Karter bu an'anani buzib, 1977-yilda Angliyaga safar qilgan. Bu an'anani buzgan 2-prezident Donald Tramp bo'ladi. Yanayam qizig'i, Tramp oxirgi 50 yilda prezident bo'lgandan keyin xorij safariga eng kech chiqgan birinchi AQSh rahbaridir. U prezident lavozimiga kirishgan paytidan 119 kun o'tibgina chet elga safarga chiqdi. AQShning 31-prezidenti Gerbert Guver prezidentligi davrida biror marta ham xorij safariga bormagan.
Suhbatning davomini va to'liq holda quyida tomosha qiling:
Your browser doesn’t support HTML5