Belarus muxolifati va G’arb davlatlari Belarus uzra uchib ketayotgan samolyotni qo’ndirib, ichidagi muxolifatchi faolni hibsga olgani uchun Aleksandr Lukashenko hukumatiga qarshi qattiqroq sanksiyalar qo’llashga chaqirmoqda.
Your browser doesn’t support HTML5
Ba’zilar nazarida, agar jazo chorasi qattiq bo’lmasa, dunyodagi boshqa avtoritar hukumatlar dissidentlarni hibsga olishda ayni usuldan foydalanishi mumkin.
“Sodir bo’lgan voqeadan g’azabdamiz. Lukashenkoning qilgan ishi davlat homiyligida samolyotni olib qochishga tengdir. Bu bilan u NATO davlatlari diqqatini o’ziga qaratdi. Qo’shimcha sanksiyalar qo’yishimiz mumkin”, - deydi AQSh Kongressi Vakillar palatasining respublikachi a’zosi Maykl Makkol.
Samolyotni qo’ndirib, faolni hibsga olish bilan Belarus hukumati muxolifatni xavotirga soldi.
“Odam qo’rqib qoldi. Hatto Vilnyusda ham ketimga tushishgandek his qilaman - kimdir meni kuzatayotgandek”, - deydi Belarus muxolifati lideri Svetlana Tixanovskayaning bosh maslahatchisi Franak Vecherko.
Tahlilchilarning aytishicha, Belarus rahbari muxolifat ko’ngliga aynan qo’rquvni solishni maqsad qilgan.
“Ular ham Protasevich tushgan vaziyatga tushib qolishlaridan qo’rqishini istayapti”, - deydi Florida xalqaro universitetidan ekspert Deyvid Kreymer.
Lukashenkoni jazolash maqsadida Yevropa Belarus havo sarhadi orqali aviaqatnovni to’xtatib qo’ydi, AQSh esa 9 ta davlat korxonasi va Belarus hukumatining qator yuqori lavozimli rasmiylariga nisbatan iqtisodiy sanksiyalar to’liq tiklanishini ma’lum qildi.
“Jazo choralarini kuchaytirish kerak, chunki Lukashenko vaziyatni kuzatmoqda, Putin kuzatmoqda, Si Zinpin kuzatmoqda”, - deydi Kreymer.
Lukashenkoni oldin ham G’arb davlatlari sanksiyalar bilan jazolagan. Hozir, deydi kuzatuvchilar, Belarusning eng katta daromad keltiruvchi sanoatlarini nishonga olish kerak.
“Rejim hozir uchta asosiy sektorga tayanmoqda – neft kimyosi, yog’och va po’lat”, - deydi Vecherko.
Lukashenkoning eng yaqin ittifoqchisi Rossiya Prezidenti Vladimir Putin G’arbni ikkiyuzlamachilikda ayblab, Belarusga moliyaviy yordam va’da qildi.
"O’zlari Boliviya prezidentining samolyotini qo’ndirib, uni samolyotdan olib chiqishgan edi. Hech kim bir narsa demadi”, - deydi Putin.
AQSh qonunchilari “Rayan Air” samolyotining Minskda qo’ndirilishida Putinning qo’li borligiga shubha qilmaydi.
“Bu tashqi siyosatga doir jiddiy xavotirga molik bir masaladir. Prezident Bayden Putin bilan uchrashganda buni ko’taradi degan umiddaman”, - deydi kongressmen Makkol.
Ikki rahbar 16-iyun kuni Jenevada muzokara qilishi kutilmoqda.