G'arbning Rossiya haqidagi filmlari - tarixiy haqiqatmi yoki uydirma?

  • Amerika Ovozi

Yaqinda AQShda Rossiya haqida ikki badiiy film ishlandi. Biri Golivudda josuslar mavzusidagi triller bo’lib, ikkinchisini mustaqil kinokompaniya yaratgan – tarixiy satira. Har ikki kartinada Rossiyaning ichki siyosiy muammolari ko’rsatiladi. Biroq bu filmlardagi ma’lumotlar haqiqatga qanchalik yaqin va qanchasi rejissyorning fantaziyasi mahsuli? Mutaxassislar 50 ga 50, demoqda.

Your browser doesn’t support HTML5

G'arbning Rossiya haqidagi filmlari - tarixiy haqiqatmi yoki uydirma?

Filmlardan biri “Qizil chumchuq” deb nomlanadi. Aktrisa Jennifer Lorens balerina Dominika Yegorova rolini o’ynaydi. Kino qahramoni rus razvedkasi xizmati tayyorgarligidan o’tadi. Unga ma’lumot to’plash maqsadida erkaklarni avrash san’ati o’rgatiladi. Aktrisaning aytishicha, hayotda ham josuslar shunday ish tutadi.

“Ayol kishining husni va chiroyli badani hamda zakovati va o’tkir aqli hisobiga muvaffaqiyat qozonishi tomoshabinlarni ruhlantiradi. U kinodagi hamma odamlardan to’rt qadam oldinda yuradi”, - deydi Lorens.

Vashingtondagi Xalqaro josuslik muzeyida zaharlangan mayda o’q otuvchi soyabonni, soxta rus va Amerika pasportlarini, ovozni yashirin yozadigan moslamalarni ko’rsa bo’ladi. Xodim Vins Xyutonning aytishicha, shu mavzudagi ko’plab eksponatlarni ayg’oqchilar hali ham ishlatadi, Gollivudda ishlangan ko’p filmlarda ularni ko’rish mumkin. Biroq ayollar makridan foydalanish o’tmishda qoldi, deydi u.

“Sovuq urush paytida Sovet Ittifoqida razvedkachi ayollarni ma’lumot olish uchun o’z husni va badanidan foydalanishga o’rgatuvchi maktablar bo’lar edi. Sharqiy Germaniya razvedkasi esa kelishgan erkaklardan ham shu maqsadda foydalangan”, - deydi Xyuton.

Muzey kuratoriga ko’ra, bugun bunday amaliyot olqishlanmaydi.

“Markaziy razvedka boshqarmasida agent unga ma’lumot uzatayotgan manbasi bilan ishqiy aloqaga kirishgani ma’lum bo’lsa, u ishdan ketishi mumkin”, - deydi Xyuton.

Muzey xodimining aytishicha, “Qizil chumchuq” ko’ngilochar film bo’lsa-da, undagi voqealarning soxtaligi va qahramonlarning yuzaki tasvirlanishi bois rus josuslik san’ati va siyosiy shafqatsizligi haqida to’g’ri ma’lumot olmaysiz.

“Bu amerikaliklarning, g’arbliklarning ruslar haqidagi tasavvuri. Sovuq urush paytida pop madaniyatda buni ko’p ko’rsa bo’lardi. Ruslar, sovetlar jonsiz insonlar sifatida tasvirlanardi. Ularni yomon qilib ko’rsatish kerak edi”, - deydi Xyuton.

Rossiya siyosatiga doir komediya ham haqiqatdan yiroq bo’lishi mumkin. Ingliz va fransuz kino ustalari birga ishlagan “Stalinning o’limi” kartinasi satira bo’lib, unda ko’plab kulgili uydirmalarni ko’rish mumkin. Masalan, Stalinning vestern janridagi G’arb kinolariga qiziqqani haqidagi sahna yoki xavfsizlik xodimlari odamlarni tunda yotgan joyidan Sibir surguniga olib ketmoqchi bo’lsa, sovuqda qolmaslik uchun fuqarolarning qat-qat kiyinib uxlashini tasvirlaydigan epizodni oling.

“O’sha davr voqealariga bizning hajviy javobimiz bu. Kino boshida hayotda aslida shunday bo’lgan deb aytmaymiz. Odamlar kinoni ko’rsin oldin. Kartina ularga manzur bo’lib, tarixiy voqealarni internet orqali mustaqil o’rganmoqchi bo’lishsa, ko’p voqealarning haqiqatda shunday bo’lganiga ishonch hosil qilishadi”, - deydi rejissyor Armando Ianuchchi.

Film namoyishi Rossiyada prezident saylovlari oldidan taqiqlangan bo’lsa-da, uni internet orqali tomosha qilgan odamlar ijobiy fikr bildirdi. Ianuchchining aytishicha, “Stalinning o’limi” Rossiya xalqi emas, Kreml, qatag’onlarning bema’niligi ustidan kuladi.