Yangi izlanishga ko'ra, diktator umrini o'tab, vafot etsa, mamlakatda demokratik o'zgarishlar ro'y bermaydi. Ko'p hollarda diktator g'alayon yoki zo'ravonliklar oqibatida ketsa, vaziyat o'zgaradi.
Izlanish "Diktatorlar o'lganida" deya nomlanadi va Demokratiya jurnalida chop etildi. Michigan Universiteti va Razvedka Kengashi 1946 va 2012-yillar orasida vafot etgan 80 diktatorning hayotini o'rgandi. Bugun jahondagi 55 avtoritar rahbarning 11 nafari kamida 70 yoshda va salomatligi zaif.
Michigan Universiteti professori Erika Frantz:
"Bir necha yil oldin Shimoliy Koreyada Kim Chen Ir vafot etganidan keyin izlanishni boshladim. O'shanda mamlakatda olamshumul o'zgarishlar bo'ladi degan umidlar bor edi. Shu bois ma'lumot yig'ib, uni tahlil qilishga kirishdik. Misol uchun, Venesuelada Ugo Chaves o'lganidan keyin ham ahvol o'sha-o'sha qoldi".
Olimlar matbuotda rejim o'zgarib, ahvol ham o'zgaradi degan bashoratlar naqadar haqiqatga yaqin ekanini tahlil qildi.
"Aniqlashimizcha, xizmatda vafot etish biror o'zgarishga yetaklamaydi. Aksincha, g'alayon, to'ntarish, saylovlar ko'p hollarda diktaturalarga barham beradi", - deydi Frantz.
Uning aytishicha, avtoritar arbob vafot etganidan keyin 87 foiz hollarda rejim o'sha-o'sha qolgan.
Izlanishda, shuningdek, to'ntarishlar arboblar keksayganida tez-tez ro'y beradimi, degan savolni so'radi. "Buni tasdiqlovchi dalil topmadik", - deydi professor.
Bundan tashqari, deydi u, prezident uzoq yillar rahbarlikda qolayotgan bo'lsa, u nihoyatda ustomon siyosatchi ekanidan dalolat beradi. "U ancha vaqt hokimiyatni saqlab qolgan, birovlarning unga kuchi yetmagan".
Professorning so'zlariga ko'ra, avtoritar rahbarning o'limi ortidan uning safdoshlari ko'pam o'zgarish qilishni xohlamaydi.