Golluvid yulduzi dunyo bo'ylab tinchlikni targ'ib qilmoqda

  • Amerika Ovozi

Forest Uitaker (chapda)

Amerikalik kinoaktyor, “Oskar” sohibi Forest Uitaker xalqaro nufuzidan Afrika va Lotin Amerikasida tinchlikni targ’ib etishda foydalanmoqda. Uitaker YUNESKOning Tinchlik va yarash bo’yicha maxsus elchisi. U “Amerika Ovozi” bilan suhbatda o’zining nodavlat tashkiloti haqida so’zlab berdi.

Forest Uitaker Uganda sobiq diktatori Idi Amin roli uchun 2007-yilda “Oskar” sovriniga sazovor bo’lgan edi. Filmni suratga olish jarayonida aktyor fuqarolar urushi oqibatida vayron bo’lgan Ugandadagi hayot bilan yaqindan tanishdi. Ammo bungacha ham Uitaker mojaro asoratlariga guvoh bo’lgan edi.

“Qarindoshlarimdan biri Vyetnamga urushga ketganida bu bilan ilk bor yuzlashganman. U urushdan mutlaqo boshqa inson bo’lib qaytdi”.

Amerikada jinoyatchilik kuchaygan mahalda o’sgan Uitaker o’zi istagan maktabga qatnay olmas, chunki ular xavfli rayonlarda joylashgan edi. Ugandadan so’ng aktyor harakatga tushdi.

“Bu mamlakat shimolidagi zobit bolalar bilan ishlay boshladim. Shunda Ugandadagi bolalarning hayoti va hissiyotlari, qalblari Amerikadagi bolalarnikidan farq qilmasligini angladim”, - deydi u.

2012-yilda Gollivud aktyori e’tiborsiz qolgan jamoalarda rivojlanish va tinchlikni targ’ib etish uchun “Uitaker Tinchlik va taraqqiyot tashabbusi” tashkilotiga asos soldi. Guruh xalqaro tashkilotlar va ekspertlar bilan hamkorlikda Uganda shimoli, Janubiy Sudan va Meksikada savodxonlikni oshirish yo’lida mehnat qilmoqda.

Ta’limda gap ko’p, deydi Uitaker. Uning aytishicha, agar odamlar hunar o’rgansa, kasb egallasa, zulmdan o’zini uzoqroq tutadi, chunki mehnati va vaqti zoye ketishini istamaydi.

Fuqarolar urushi avj olgan Janubiy Sudanda Uitakerning tashkiloti to’qqizta kompyuter markazlari qurmoqda.

“Murabbiylarni tayyorlasak, ular jamoaga ham bilim ulashadi”.

Meksikaning Tixuana shahrida esa Uitaker tashabbusi giyohvandlikka berilgan yoshlarga yordam qo’lini cho’zmoqda.

“Agar ular jinoiy to’daga bosh bo’lgan bo’lsa yoki narkotik sotib, tirikchilik qilgan bo’lsa, imkoniyati bo’lsa iqtisodiyotda ham ishlari yurishib, do’kon yoki universitetda yutuqlarga erishgan bo’lishardi”.

Uganda shimolida kecha qo’lida qurol ushlagan bolalar bugun eski yaralarni bitkazishni o’rganmoqda.

“Bolalarni urushda qatnashishga, ayrim jinoyatlarni sodir etishga majburlagan bo’lishlari mumkin. Shunda ular qilgan ishidan uyalib, uyiga qaytolmaydi. Bu jinoyatlarda ularning oilalari ham jabr ko’rgan bo’lishi mumkin”, - deydi aktyor.

Forest Uitaker o’z loyihalariga ko’p vaqt ajratadi. Bir necha oyda bir bu mamlakatlarga borib, ish qanday ketayotganini tekshirib turadi.

“San’at bilan yana bir necha yil shug’ullanib, so’ng mana shu ishlarga butun vaqtimni bag’ishlayman. Bu mening burchim ham. Ko’p ajoyib insonlarni uchratdim. Omadli insonman”.