Oq uy qurol savdosini tartibga solish ustida o’ylanar ekan, xaridorlarni qattiqroq tekshirish taklifini ma’qullamoqda. O’tgan hafta Florida shtatidagi maktabda ro’y bergan otishmada 17 odam nobud bo’lgach, mamlakatda qurol savdosi nazoratiga doir munozaralar yangidan boshlandi.
Qurol savdosiga qarshilar Oq uy qarshisida namoyish qilmoqda. Talabalar tashabbusi bilan boshlangan aksiya ishtirokchilari nazoratni kuchaytirishga chaqirmoqda.
Prezident Donald Tramp qurolga egalik qilish huquqini qo’llab-quvvatlab keladi. Biroq Floridadagi qonli otishmadan so’ng Oq uy har ikki partiya qonunchilarini xaridorlarni sinchkovliroq tekshirish rejasini muhokama qilishga da’vat etdi.
Biroq rejada yarim avtomatik qurollar savdosini cheklash haqida lom-mim deyilmagan. Florida maktabidagi 19 yashar qotil esa aynan ana shu qurolni ishga solgan.
2017-yilda o’tkazilgan ijtimoiy so’rov natijasiga ko’ra, amerikaliklarning salkam 70 foizi avtomatik va yarim avtomatik qurollar savdosini man qilish tarafdori.
Shu hafta Prezident Tramp talabalar bilan uchrashib, ularning fikrini o’rganmoqchi. Namoyishlar esa poytaxt Vashington va boshqa shaharlarda davom etadi.