Prezident Donald Tramp 6-iyun kuni Oq uyda ilki bor iftor dasturxonini yozib, musulmon ahlini Ramazon oyi bilan qutladi.
"Dunyo bo'ylab do'stlarimiz va ittifoqchilarimiz nomidan kelishgan diplomatik korpus vakillarini, musulmon davlatlaridan elchilarni mamnuniyat bilan kutib oldik. Oq uyga qadam ranjida qilganingiz uchun tashakkur", - dedi Tramp mehmonlarga.
Prezidentning aytishicha, iftor dasturxoni "dunyodagi buyuk dinlardan birining muqaddas an'anasini sharaflaydi".
Oq uyda iftor berish an'anasi Prezident Bill Klinton davrida boshlangan. Bu safargi iftorda musulmon mamlakatlar, xususan Markaziy Osiyo davlatlarining Vashingtondagi bosh diplomatlari, jumladan O'zbekiston va Qozog'iston elchilari, siyosatchilar hamda ulamolar qatnashdi.
Tramp o'tgan yili iftor o'tkazmagan, 2016-yilgi saylov kampaniyasida esa musulmonlar haqida salbiy bayonotlari bilan tanilgan edi. O'tgan bir yarim yil ichida musulmon davlatlari fuqarolarining AQShga kirishini cheklovchi bir necha farmonlar imzoladi.
"Iftor oila va do'stlar davrasida tinchlik, ravshanlik va muhabbatni nishonlash uchun imkoniyat. Eng buyuk qadriyatlarimizni yodga olib, ne'matlar uchun, Yaqin Sharq bo'ylab hamkorlarimiz bilan qurilgan yangicha munosabatlar uchun minnatdorchilik bildiramiz", - deydi Tramp murojaatida.
Oq uydagi iftorda 30-40 kishi qatnashgani ma'lum, mehmonlarning to'liq ro'yxati e'lon qilinmagan.
Bir necha islomiy tashkilotlar tadbirni boykot qilishga undagan.
"Ommaga tanilgan Amerika musulmonlari tashkilotlaridan birortasi taklif etilganini yoki ular borishga rozi bo'lganini kutish qiyin. Islomofobiyani, oq tanlilar manfaatini ko'zlovchi ma'muriyat bu", - deydi Amerika-Islom Aloqalari Kengashidan Ibrohim Xuper.