Tramp ma’muriyati Oq uy sobiq yuristi Don Makgandan Kongressdagi tinglovda qatnashish uchun yuborilgan chaqiriqqa parvo qilmaslikni so’ragan. Adliya vazirligiga ko’ra, Makgan ortiq davlat xizmatchisi bo’lmagani bois Kongressdagi surishtiruvga qonunan borishi shart emas.
Your browser doesn’t support HTML5
Demokrat qonunchilar maxsus prokuror Robert Myuller tergovida ismi 150 dan ortiq marta keltirilgan sobiq rasmiyni so’roqqa tutib, Tramp tergov paytida adliya ishiga g’ov bo’lganmi, yo’qmi, aniqlashtirmoqchi.
“Men Don Makgandan Myullerni ishdan olishni so’ramaganman. Myullerning ketishini xohlaganimda o’zim uni ishdan olgan bo’lardim, vakolatim bor edi buning uchun”, - dedi Tramp.
Ba’zilarning aytishicha, Tramp katta maslahatchisi Makganga Myullerni ishdan olishni buyurib, adliya ishiga g’ov bo’lgan. Adliya vazirligining bildirishicha, Konstitutsiyaga ko’ra, Kongress prezidentning katta maslahatchilarini Oq uydagi faoliyati haqida so’roqqa tutishga majburlay olmaydi.
AQSh hukumatining ijroiya va qonunchilik hokimiyatlari o’rtasida taranglik vujudga kelmoqda. Tahlilchi Shennon Bou Obrayenning aytishicha, masala sudgacha borishi ham mumkin.
“Tramp Oliy sud hamda federal sudlarga o’zi tayinlagan sudyalar bu masalada uni qo’llab-quvvatlashiga umid qilmoqda. Bu xavfli o’yin, chunki sudlar o’z hokimiyatining yemirilishini istamaydi. Kongress hokimiyati yemirilsa ham adliya tizimi mustahkam turishi kerak. Nazarimda, ijroiya hokimiyat Kongress hokimiyatini zaiflashtirishga urinmoqda”, - deydi Texas universiteti mutaxassisi.
AQSh siyosiy tizimi hukumatdagi uchta hokimiyat o’rtasidagi muvozanatni ta’minlashga qaratilgan, birining boshqasidan ustun bo’lishiga yo’l qo’ymaydi.
“Uchala hokimiyat bir-biriga teng ekanini ko’p odamlar unutib qo’ymoqda. Ularning orasida singil yoki uka darajasidagilar yo’q. Biroq Tramp ba’zida adliya hokimiyatini o’z tarafiga tortib, ijroiya hokimiyatni qonunchilik hokimiyatidan ustun qo’yishga harakat qilmoqda. Bu juda xavfli”, - deydi Obrayen.
Vakillar palatasining Adliya qo’mitasi raisi Jerri Nedler nyu-yorklik demokrat bo’lib, agar Makgan Kongressda guvohlik bermasa, uni Kongressga hurmatsizlikda ayblashga do’q-po’pisa qildi.
Bosh prokuror Uilyam Barr Robert Myuller hisobotining tahrir qilinmagan to’liq ko’rinishini qo’mitaga bermagani uchun qonunchilar ovoz berib, uni Kongressga hurmatsizlikda aybladi.
Bundan keyin demokratlar Kongress chaqiriqlarini inkor etgan federal rasmiylarga jarima solish yo’llari ustida o’ylanmoqda.