AQSh qamoqlarida jazo muddatini o’tayotgan va shartli ravishda ozodlikka chiqarilgan xotin-qizlar soni bir milliondan ziyod. Ularning uchdan bir qismi butunlay ozod etilganidan so’ng yana jinoyatga qo’l urib, qayta qamaladi.
Your browser doesn’t support HTML5
Bedford Xills Nyu-York shtatida ayollar uchun eng yirik qamoqxona. Xavfsizlik choralari juda qattiq.
Mahbuslarning uchdan bir qismi savodsiz. Lekin jazoni o’tayotgan xotin-qizlar o’rta va oliy ta’lim olish imkoniga ega, mana bunday auditoriyalarda…
Bundan 15 yil oldin bank cheklarini soxtalashtirgani uchun qamalgan Vivian Nikson Bedford Xillsda jazo muddatini o’tagan.
O’shanda u sobiq mahbuslar uchun maxsus ta’lim dasturi borligi haqida eshitgan. Programma unga juda ma’qul bo'lgan.
Kollej va jamoa uyushmasi nomli ushbu tashkilot 2000-yilda ta’sis etilgan.
“Menga va, nazarimda, butun dunyoga shunday - odamlar orzu-umidlarini amalga oshirishda yordam beradigan bir tashkilot kerak edi. Umid qil, o’zingga ishon, orzuingni boy berma, deydigan, restoran yoki mehmonxonada oddiy ishchi yohud farrosh bo’lib ishlashni xohlamasang, Nyu-York ko’chalarini supurishni istamasang, boshqa narsani orzu qil, biz esa senga yordam beramiz, deydigan tashkilot kerak edi”, - deydi Nikson.
Qamoqdan ozod etilganidan keyin ish va uy-joy topishda yordamlashadigan tashkilotlar ham ko’p.
Bugungi kunga kelib sobiq mahbus Vivian Nikson Kollej va jamoa uyushmasi rahbariga aylandi. U Mia Savej kabi ayollarga yordam bermoqda.
Selina Fulford kabilar esa hatto magirstraturaga kirgan:
“Bu ikkinchi magistrlik diplomim bo’ladi. Keyinchalik doktorlik dissertatsiyasini yoqlamoqchiman. Nyu Roshel kollejida dars ham beraman. Kollejga kiraman deganlar bemalol menga murojaat qilaversin, yordam beraman!”
O’tmishni unutib, yangi hayot boshlash - dasturning 270 ishtirokchisini birlashtirgan maqsad.
“Kim murojaat qilishidan qat’iy nazar, hammaga yordam beramiz. Ularning ahvoli qanday bo’lmasin, o’ziga ishonchini tiklashga harakat qilamiz”, - deydi Nikson.
Kollej va jamoa uyushmasi a’zolari jinoyat yo’liga qaytmaydi, shu bois jamiyat bizdan mamnun, deydi u. Eng muhimi - ayollar o’zi va farzandlari deb orzuiga intiladi, o’ziga yana ishona boshlaydi.
Your browser doesn’t support HTML5