AQSh Kongressida shu paytgacha bunchalik ko’p ayol a’zo bo’lmagan. Lekin ular ko’p emas, qonunchilarning atigi 20 foizi. Amerika aholisining yarmidan ko’pi xotin-qizlar. Umuman olganda siyosatda ayollar muhim rol o’ynaydi, saylovchi va fuqaro sifatida. Biroq rahbarlik va boshqa qudratli lavozimlarda ular ozchilik.
Your browser doesn’t support HTML5
Kongress - Vakillar palatasi va Senat - azaldan erkaklar saltanati.
“Xotin-qizlar mamlakatimizda 1920-yildan beri ovoz berish huquqiga ega”, - deydi qonunchi Mili Volters.
Ayollar ulkan yutuqlarga erishgan va erishmoqda, deydi u, biroq siyosiy o’rinlarni egallash bundan-da katta kuch talab qiladi. Faollikni targ’ib qilish kerak.
Hukumatga nisbatan salbiy fikrlash, ishonchsizlik xotin-qizlarni siyosatdan uzoqlashtiradi, deydi qonunchi Tulsi Gabbard.
“Bilasizmi, yosh, ilg’or va innovatsion avlod muammolarga yechimni siyosatdan izlamayapti. Ular nazarida hukumat shu qadar sekin va buzuqki, vaqtini va g’ayratini davlat ishiga emas, o’z biznesiga sarflaydi”,- deydi Gabbard.
Siyosatchi bo’laman degan ayolga huquq va erkinlikning o’zi yetmaydi. Saylov kampaniyasi katta pul.
“Mablag’ yig’a olishingiz, odamlarni ishontira olishingiz, o’zingizga ergashtirib, turli guruh va jamoalar bilan til topishish kerak. Ayollarda vaqt oz. Erkaklar singari karyeraga berila olmaydi, chunki bolali bo’lib uyda o’tirib qoladi, ishidan ayriladi, yangi imkoniyat izlaydi”,- deydi Volters.
Aholi bilan ishlash uchun o’z atrofingizga ishonchli va tayanch bo’la oladigan odamlarni to’plash kerak. Bu esa tinimsiz mehnat va faollik talab qiladi. Erkaklar bilan raqobatlasha olishingiz kerak. Biroq intilganga omad yor.
Lobbichi Lora Koks-Kaplan:
“Hamma narsa avvalo o’zimizga bog’liq. Yuragida o’ti bor odam harakatdan to’xtamaydi. Albatta, boshqalarning madadi ham kerak. Biz faol qizlarni Vashingtonda amaliyotga taklif qilib, Kongress ishi, siyosiy tizim bilan yaqindan tanishtiramiz. Ular qonunchilar va boshqa arboblar bilan muloqot qilib, davlat ishini o’rganadi. Orzu qilish kerak, unga erishish esa mehnat talab qiladi”.
Ayol arboblar yoshlarga o’rnak bo’lishi va murabbiylik qilishi kerak, deydi Mimi Volters.
“Ayol ham kuchli arbob bo’lib, jamiyat kelajagi uchun beqiyos hissa qo’sha oladi. Bu qayta-qayta isbotlangan. Yoshlar ongiga shuni singdiramiz”,- deydi u.
Qay sohada ishlasangiz ham u mas’uliyat, mehr, hafsala, bilim va salohiyat talab qiladi. Kongressga saylanish erishsa bo’ladigan orzu, deydi bu ayollar.