2 avgust kuni Jahon Banki Qirg’iziston iqtisodiy tiklanishi uchun 30 million dollar ajratishga qaror qildi.
Ushbu mablag’ respublika hukumati amalga oshirayotgan islohotlarni qo’llab-quvvatlashni ko’zda tutgan holda idoralar faoliyatini takomillashtirish va, eng muhimi, kambag’allarga ijtimoiy yordam ko’rsatishga sarflanadi.
O’tgan yili Qirg’iziston janubida ro’y bergan mudhish hodisalar oqibatlari va qashshoqlikka qarshi kurashga ham katta e'tibor qaratiladi, deyiladi bank bayonotida.
Tashkilotning Qirg’izistondagi vakolatxonasi rahbari Aleksandr Kremer deydiki, bu yordam bilan ijtimoiy himoyani oshirish ham ko'zlangan .
Mulkni xususiylashtirish jarayonini oydinlashtirish, energiya ta’minot tizimini boshqarish va Milliy Bankni takomillashtirish bu yordam hisobiga amalga oshiralajak islohotlardan.
Jahon Bankida Qirg’izistonga nisbatan yangi strategy muhokamada.
Maqsad – kelasi ikki yil mobaynida ajratiladigan 120 million dollar mamlakat barqarorligi uchun xizmat qilishini ta’minlash.
Jahon Banki birinchi navbatda Qirg’iziston hukumatiga mojarolarga yo’l qo’ymaslik va taraqqiyot bobida ko’maklashadi.
Banklarni mustahkamlash, sog’liqni saqlash va ta’lim sohalari hamda infratuzilmani rivojlantirishga ham ahamiyat qaratiladi.
Korrupsiyaga qarshi kurash, iqtisodiy o’sish uchun sharoit yaratish va ijtimoiy xizmatlarni yaxshilash ham tashkilot qayd etayotgan maqsadlardan.
Jahon Bankining ma’lum qilishicha, etnik mojarolar ketidan O’sh va Jalol- Obod yo’llarini ta’mirlash va yangi turar joy qurishga qo’shimcha moliyaviy ko’mak berilgan.
1992 yildan buyon Jahon Banki Qirg’izistonga 1 milliard dollardan ziyod mablag’ ajratgan. Uning 45 foizi - grant, qolgani esa kelgusi 40 yil davomida qaytarilishi ko’zda tutilgan kreditlardir.