Amerika maktablarida Dunyo madaniyati kunlari

AQSh Aholini ro’yxatga olish byurosiga ko’ra, ayni damda ozchilikni tashkil qilgan guruhlar 2100-yilga borib, bu mamlakat aholisining asosiy qismini tashkil qiladi. Jamiyat etnik va madaniyat jihatdan rang-baranglashib bo’rarkan, maktablarda o’quvchilarni turli xalqlar bilan tanishtirish yo’lida muayyan dasturlar ishlab chiqilgan.

Your browser doesn’t support HTML5

Amerika maktablarida Dunyo madaniyati kunlari

Etnik va madaniy xilma-xillikni tan olib, buni o’ziga xoslik deb bilgan Merilend shtati boshlang’ich maktablaridan birida Dunyo madaniyati kunlari bo’lib o’tdi.

“Asosiysi, bolalar va ota-onalarda qiziqish katta. Elchixonalarni jalb etamiz. Etnik raqslar, taomlar, sport o’yinlari, musiqa asboblari orqali har bir davlat o’zini tanishtiradi. Tadbir bilim ulashadi”, - deydi maktab ma’muriyatidan Jill Alkins.

Dunyoning 39 mamlakatidan ishtirok etganlar orasida 20 ga yaqini elchixona vakillari va o’z madaniyatini targ’ib qilayotgan maxsus tashkilotlar.

“Ismim Nitya, Meksika elchixonasidanman. Amerika bilan qo’shnimiz, chegaradoshmiz. AQShga eng katta oqim ham bizdan. O’quvchilarga migratsiya jarayonida nafaqat odamlar, shu qatori yovvoyi olam va qushlar migratsiyasining ahamiyati haqida ham gapirdik”, - deydi suhbatdosh.

Merilend shtati bo’ylab maktablarda dunyoning 160 dan ortiq davlatlaridan kelgan va 180 dan ortiq tilda so’zlashadigan o’quvchilar bor. Ularning katta qismini oq tanlilar (37%), ispanzabonlar(23%) va afro-amerikaliklar (23%) tashkil qiladi. Osiyoliklar esa 16 foiz.

Your browser doesn’t support HTML5

AQSh maktablarida Dunyo madaniyati kunlari

“Maktabimizda 20-25 davlatdan kelgan, 35 dan ortiq tilda so’zlashadigan o’quvchilarimiz bor. Etnik va madaniy jihatdan boy maktabmiz”, - deydi bu dargoh direktori Diana Svift.

“Sinfimizda ko’pchilik amerikaliklar, yevropalik, afrikalik va osiyoliklar ham bor”, - deydi 5-sinf o’quvchisi.

Markaziy Osiyodan ham bolalar bor.

“Qizim 3-sinfda o’qiydi. Tojikiston vakili sifatida qatnashyapman. Tojikistondagi bolalar kattalar nazoratisiz ko’chaga chiqib velosiped haydab, qo’shnilarnikida bamalol o’ynab yurishi haqida aytganimda, amerikalik bolalar hayratdan bir dunyo savolga tutishdi. Rosa muhokama qildik”,- deydi Nargiza Polvonova.

O’zbekiston haqida o’rganganlardan taassurotlarini so’radik.

“O’zbek musiqasini, raqsini yoqtirdim. Chaqaloqlar beshikda yotarkan. Bog’lab qo’yisharkan, tushib ketmasligi uchun bo’lsa kerak. Tilla rang, kumush rang bosh kiyimlari ham ajoyib. Do’ppi deyilar ekan”, - deydi o’quvchilardan biri.

“Uch farzandim shu maktabda o’qiydi. Ular boshqa xalqlar haqida o’rganishga qiziqadi. Bugun Polsha, O’zbekiston raqsiga tushdi, Belgiya taomlaridan tatib ko’rdi”, - deydi onalardan biri.

“O’zbekiston haqida hech eshitmaganman. Poytaxti Toshkent ekan, aytish qiyinroq ekan. Menga raqslar yoqdi. Yelkalarini narbatma-navbat silkitib o’ynasharkan”, - deydi yana o’quvchi.

Bolalar dunyo mamlakatlari bilan tanishib bilimlarini boyitdi, o’z davlati bilan solishtirib ko’rdi.

“Amerika hududi 10 million kvadrat kilometrga yaqin. Lixtenshteyn davlatining xududi 160 kvadrat kilometr. Shunaqa kichkina davlatlar bor ekan”,- deydi o’quvchilardan biri.

Ota-onalar maktab ma’muriyati bilan yaqindan ishlaydi va bunday loyihalarda ular doimiy jonboz.

“Ismim Anrey Smith, uch yildan beri Yamaykani tanishtiraman. Tarix faktlari, bolalarning yoshiga qarab mavzularimni tanlayman. Kichik yoshdagi bolalarga Karib orollari, qaroqchilik haqida ertak-hikoyalar o’qib beraman. Bolalar qiziqishadi, savollari har doim ko’p”, - deydi ota-onalardan biri.

“Bolalar o’zlariga o’xshagan odamlar, o’xshash madaniyat va xalqlar, turli tillar borligi haqida bilgani ularda o’ziga ishonch, erkinlik hissini beradi. Qolaversa, tarix va geografik bilimlarini oshiradi. Yer kurrasining qayerida ekanini, Amerikaga odamlar qaysi o’lkalardan kelayotganini o’rganishadi”, - deydi o’qituvchi Jeyms Jekson.