12-iyun kuni futbol bo’yicha 2014-yilgi Jahon kubogi o’yinlari boshlanadi. Mezbon Braziliya musobaqa ruhi bilan yashamoqda. Shunga qaramay, aholi orasida ijtimoiy norozilik hissi yo’q emas, ayrim shaharlarda namoyishlar bo’lib o’tdi.
Kopakabana sohili Jahon kubogi oldidan gavjum. Odamlar mashhur plyajda hordiq chiqarmoqda.
Futbol shinavandalari uchun qurilayotgan parkda ishlar yakunlanmoqda. O’yinlar payti bu yerga minglab odam yig’iladi. Mamlakatning 12 shahrida o’tkaziladigan 64 ta matchni tomosha qilish uchun millionlab braziliyaliklar safiga 800 ming xorijlik sayyoh ham qo’shiladi.
Kayfiyat ko’tarinki, ammo norozilik ham yo’q emas, deydi Tereza Kristina ismli mahalliy fuqaro.
“Nozorilik bor, lekin kamroq. Zo’ravonliklar bo’lishidan xavotirlar bor. Hukumat muhtoj oilalarga ijtimoiy yordam puli bermaydi, lekin chempionat uchun pul topdi. Albatta, kubokning o’tkazilishi yaxshi, lekin boshqa maqsadlarda ham mablag’ ajratish kerak. Shu bilan birga, xursandchilik ham kerak”, - deydi u.
Dunyodagi eng katta sport anjumanlaridan biriga tayyorgarlik paytida korrupsiya va ijtimoiy xizmatlarning yomonligidan nolib, odamlar ko’chalarga chiqdi. San Paulu shahrida yo’l harakati xodimlari ish tashlagani sababli yo’llarda bir necha kun tartibsizlik hukm surdi. Bu esa payshanba kuni bo’ladigan ochilish o’yiniga salbiy ta’sir ko’rsatishi mumkin.
Hukumat stadion va infratuzilma qurilishi uchun 11 milliard dollar ajratgan. Aholi esa maishiy xizmatlar sifatining yomonligi, maoshlarning pastligi va yashash narxining balandligidan shikoyat qiladi. Aleksandr Oliveyraga ko’ra, muammolar ko’lami katta.
“Kelasi 30 kun davomida bo’lib o’tadigan Kubokdan naf yo’q. Keyin nima bo’lishini odamlar o’zi hal qiladi. Balki oktabrdagi umumiy saylovlardan keyin vaziyat yaxshilanar. Hozirgi 30 kun ichida kelajak uchun zamin hozirlanadi”, - deydi u.
Xorijlik mehmonlar ham muammolardan xabardor ko’rinadi.
Daniyalik Anna-Katrin Hattels va uning turmush o’rtog’i Lasse asal oyini Braziliyada o’tkazmoqda. Kubok uchun xarajatlar odamlarni g’azablantirganini yaxshi tushunamiz, deydi ular.
“Men buni tushunaman, lekin ayni vaqtda Kubok o’tkazilsa, mamlakatga juda ko’p sayyoh keladi, bu esa pul degani. Sarf ko’p bo’ladi, lekin daromad ham shunga yarasha bo’ladi”, - deydi Anna-Katrin.
Namoyishchilar Jahon kubogi bahona islohotlar o’tkazilishini talab qilmoqda. Boshqalar esa mamlakatimiz, madaniyatimiz va odamlarimizni dunyoga ijobiy tarafdan ko’rsataylik, deydi. Ko’plar uchun eng muhimi xursandchilik va hordiq chiqarish.