AQSh, Meksika va Kanada futbol bo’yicha Jahon chempionatini birga o'tkazmoqchi

  • Amerika Ovozi

AQSh, Kanada va Meksika futbol federatsiyalari rahbarlari

AQSh, Meksika va Kanada 2026-yilda futbol bo’yicha Jahon chempionatiga mezbonlik qilishga qo’shma ariza berdi. Har to’rt yilda o’tadigan nufuzli musobaqaga Qo’shma Shtatlar 1994-yilda, Meksika esa 1986-yilda mezbonlik qilgan, Kanada esa bunday sharafga muyassar bo’lmagan hali.

AQSh Futbol federatsiyasi rahbariga ko’ra, Prezident Donald Tramp bu tashabbusni qo’llab-quvvatlamoqda.

"Hukumatimiz loyihani olqishlab, yordam ko’rsatishga va’da berdi. Tramp Meksikaning ham bu loyihaga qo’shilganidan mamnun”, - deydi Sunil Gulati.

Shu paytgacha Jahon kubogi bir yilda ikki mamlakatda o’tgan, ammo uch davlatning mezbonlikka arizasi ilk bor qabul qilinmoqda.

"Bu uch mamlakatda FIFA talablariga javob beradigan jami 40-50 ta stadion bor. Shaharlar, otellar va aeroportlar ham talab darajasida”, - deydi Gulati.

Kanada Futbol uyushmasi prezidenti Viktor Montalyanining aytishicha, bunday reja bir necha yil oldin paydo bo’lib, tayyorgarlik avjida.

"Futbol mintaqamizni qanchalik o’zgartirib yuborganining natijasi bu”, - deydi u.

Meksika futbol federatsiyasi rahbari Desio de Mariyaning aytishicha, uch mamlakat bir yilda jahon chempionatiga mezbonlik qilishi tarixiy voqea bo’lardi.

Rejaga ko’ra, o’yinlarning 80 tadan 60 tasi Amerikada, 10 tasi Kanadada va yana 10 tasi Meksikada o’tkaziladi. 2026-yil turnirining mezboni 2020-yilda aniqlanadi.