Shol kasalligiga qarshi kurash hal etuvchi pallada

Pokistonda poliomelit kasalligiga qarshi emlash ishlari

Poliomiyelit (shol) kasalligiga qarshi kurash so’nggi, hal qiluvchi pallaga kirdi. Dunyo bo’ylab faqat Afg’oniston, Pokiston va Nigeriyada bu kasallik hollari uchraydi. Qolgan joylarda yo’q qilingan, deydi salomatlik bo’yicha mutaxassislar.

Pokiston sog’liqni saqlash vazirligiga ko’ra, o’tgan yili kasallikning 198 holi qayd etilganidan beri har bir bolani emlash ustida jadal ishlar ketmoqda.

Biroq dahshatli virusni yo’q qilishga qaratilgan urinishlarga Pokiston-Afg’oniston chegarasidagi janglar va qochqinlar to’siq bo’layapti.

AQSh razvedkasi al-Qoida rahbari Osama bin Ladenni ushlash uchun butun boshli vaksinalash kampaniyasini tashkil qilgan, bu ham jamoatchilikni sarosimaga solib qo’ygan edi.

“Shol kasalligini to’xtatish qo’limizdan keladi, biroq emlash ishlarini yakuniga yetkazish uchun bizga moliya kerak. Shuningdek, siyosatchilar targ’ibot ishlarini amalga oshirishda yordam berishi zarur. Shunda qolgan mamlakatlarda ham virus ustidan g’alaba qozonish mumkin,” - deydi "Rotary International" xalqaro tashkiloti vakili Kerol Pandak.

Nigeriya shimolida sholga qarshi ishlar olib borilganida mish-mishlar tarqalgan. “Musulmonlarning urug’ini quritishdan boshqa narsa emas bu,” - degan ayrimlar. Tibbiyot xodimlari bu fikrni o’zgartirish uchun ancha mashaqqat chekkan.

Amerikada ham emlashga qarshilar kam emas. Vaksinalar inson salomatligi uchun zarar, deb hisoblaydi ba’zilar. Emlash haqida ma’lumot markazi prezidenti Barbara Lo Fisher deydiki, ommaviy emlashdan vaksina yaratuvchi kompaniyalar manfaatdor, mo’may pul qiladi:

“Nihoyatda qudratli farmasevtik kompaniyalar bor. Ular har bir vaksinani bolaga bir necha marta buyurish kerak, deb targ’ib qiladi. Ular uchun emlangan bolalar ham qancha ko’p bo’lsa shuncha yaxshi. Kattagina daromad-da bu”.

Biroq “Rotary International” tashkiloti xodimi Kerol Pandak shol kasali naqadar dahshatli ekani ko’plar esidan chiqqan, deydi. Nigeriyaning bir qishlog’ida oqsoqollar emlashni man etganidan keyin 9 bolaga virus yuqib, oyoq-qo’li ishdan chiqib, shol bo’lib qolgan.

“Kasallikka qarshi kurashda muvaffaqiyatga erishganimiz bois ota-onalar endi minglab bolalarning sholga aylanganiga guvoh bo’lmayapti. Demak, ko’plar poliomiyelitning bolaga qanday ta’sir qilayotganini ko’rmayapti”.

Shu paytgacha sholni tugatish uchun 9 milliard dollar sarflandi. Emlashga qarshi chiqayotgan tashkilotlar mablag’ni sanitariya-gigiyena sharoitlarini yaxshilash va oziq-ovqatga ajratish kerak, deya ta’kidlaydi. Biroq Pandak kabi soha faollari bular bir-biriga zid ishlar emas, teng olib borsa, poliomiyelitni tezda yo’q qilamiz, demoqda.