Ikkinchi jahon urushi yakunlanganiga 75 yil to’ldi. AQSh va Yevropa mamlakatlari ushbu voqeani 8-mayda nishonlaydi, sobiq Sovet mamlakatlarida esa bayram 9-mayga to’g’ri keladi.
Your browser doesn’t support HTML5
1939-yildan 1945-yilgacha davom etgan urushda dunyo aholisi soni 75 millionga kamaygan. G’alaba natijasida salkam 3,5 million odam natsistlar konsentratsion lagerlaridan ozod bo’ldi.
Qo’shma Shtatlar Yaponiya hujumiga uchraganidan so’ng 1941-yil oxirida urushga kiradi.
Natsizmga qarshi kurash Amerika, Britaniya va Sovet Ittifoqi kabi mafkuraviy raqib davlatlarni birlashtiradi.
“Ular koalitsiya qanday bo’lishi kerakligini ko’rsatgan”, - deydi tarixchi Konrad Kreyn.
Urushdan keyin G’arbiy Yevropaning qayta oyoqqa turishida AQShning Marshall rejasi deb nomlangan iqtisodiy yordam dasturi katta rol o’ynaydi.
“Yevropaliklarning yolg’iz o’zi buni uddalay olmasdi”, - deydi Milken institutidan iqtisodchi Kevin Klauden.
Urushdan so’ng Yevropa xaritasi o’zgardi, boshqa mintaqalardagi mustamlakalar mustaqillikka erishdi. AQSh xalqaro institutlarni yaratishga katta hissa qo’shdi.
“Birlashgan Millatlar Tashkiloti, Xalqaro valyuta jamg’armasi, Jahon Banki kabi tashkilotlarning paydo bo’lishida, dunyo iqtisodiyotining AQSh dollariga bog’lanishida Amerikaning xizmatlari katta”, - deydi Kreyn.
Urushdan so’ng Buyuk Britaniyaning yulduzi so’nib, Qo’shma Shtatlar dunyoda yetakchi davlat mavqesini qo’lga kiritdi; Sovet Ittifoqi bilan global hukmronlik uchun raqobat boshlandi – 1991-yilgacha dunyo ikki qutbga bo’lindi.
Bugun Ikkinchi jahon urushida halok bo'lgan Qizil Armiya askarlari xotirasiga Berlinning Tirgarten rayonida 1945-yilda o’rnatilgan boshqa bir yodgorlik poyiga Berlin burgomistri Maykl Myuller gulchambar qo’ydi.
Berlin uchun janglarda qatnashgan 80 ming sovet askaridan 7000 nafari halok bo’lgan.
Shu bugunoq Germaniya kansleri Angela Merkel, prezident Frank-Valter Shtaynmayer, Bundestag rahbari va boshqa yuqori darajali rasmiylar poytaxtdagi yana bir yodgorlik poyiga gulchambar qo’yib, urush qurbonlarini xotirladi.
Xotira marosimi Parijda ham o’tkazildi. Mamlakat Prezidenti Emmanuel Makron urush paytida Fransiya muvaqqat hukumatini boshqargan general Sharl de Gol haykali, so’ng Zafar arki ostidagi Noma’lum askar qabrini ziyorat qildi. Unga sobiq prezidentlar Nikolya Sarkozi va Fransua Olland hamrohlik qildi.
Fransiya urushda 212 ming odam yo’qotgan.
Londonda ham Ikkinchi jahon urushi qurbonlari xotirlandi. Mahalliy vaqt bilan 11:00 da mamlakat ikki daqiqa sukut saqlagan. Qirolicha Yelizavetaning o’g’li, Uels shahzodasi Charlz va uning radiqasi Kamilla Shotlandiyaning Edinburg shahridagi xotira memorialida, Bosh vazir Boris Jonson esa o’z idorasida urushda halok bo’lgan salkam 450 ming vatandoshini xotirladi.