Yazidiylar Yevropada alohida e'tiborga muhtojmi?

  • Amerika Ovozi

Yazidiylar Iroqda yashab kelgan etnik-diniy guruh

Yevropa mamlakatlari iroqlik yazidiylarni qabul qilish xususida tortishmoqda. Portugaliya ayni damda Gretsiyada yashayotgan ikki yarim ming yazidiyning bir necha yuz nafarini qabul qilishga rozi. Biroq Afina ko’nmayapti.

Minglab yazidiylar 2014-yilda “Islomiy davlat” to’dasi jangarilaridan qochib, ikki yarim mingi Gretsiyaga borib qolgan. Ular boshqa migrantlardan alohida yashaydi.

Riyod Salo ismli odamning aytishicha, yazidiylarni boshqalar xafa qilmoqda.

“Har kuni janjal. Afg’onlar, pokistonliklar, suriyaliklar, iroqliklar, hamma musulmonlar kelib, yazidiylar bilan urushishadi”, - deydi u.

“Islomiy davlat” bu xalq vakillarining bir necha mingini qirib, ayollarini qul qilib zo’rlashgan. Birlashgan Millatlar Tashkiloti ularga qarshi zug’umni genotsid deb atagan.

Gretsiyaning migratsiya bo’yicha vaziri Yannis Muzalasning aytishicha, Portugaliya faqat yazidiylarni olamiz deb, odamlarni millatiga qarab ajratmoqda.

“Yazidiylarning boshidan o’tganlar qalbimizni tilka-pora qilmoqda, ammo na Gretsiya hukumati, na Yevropa Kengashi, na Yevropa Komissiyasi diskriminatsiyaga ko’z yumadi”, - deydi u.

Portugaliyadan Yevropa Parlamentida a’zo Ana Gomeshning aytishicha, Gretsiya xavotirlariga sabab yo’q.

“Aslida yazidiylarning o’zi ularni Yevropaning boshqa mamlakatlariga ko’chirishga kelganda diskriminatsiyaga uchramoqda. Axir bu odamlar juda qattiq aziyat chekkan, ularni qo’llab-quvvatlash kerak", - deydi qonunchi.

Qochqinlar uchun gumanitar yordam bilan shug’ullanuvchi “AMAR” tashkiloti ko’plab yazidiylar bilan ishlagan. Guruh asoschisi, Britaniya parlamenti a’zosi Emma Nikolsonning aytishicha, bu xalq vakillari alohida e’tiborga loyiq.

“Bu eng katta yordamga muhtoj odamlar, chunki ularni qirib tashlashmoqchi”, - deydi u.

Yazidiylar faqat o’z e’tiqodiga mansub odamlar bilangina turmush qurishi mumkin.

“Ularning soni sanoqli o’zi, jufti halolini topish oson emas. Ular qanchalik kichik guruhlarda yashasa, o’zidan ko’payishi shunchalik qiyin bo’ladi”, - deydi Nikolson.

Yevropada qochqinlar bilan ish ko’rishda eng avvalambor yazidiylar bilan shug’ullanish kerak, deydi ba’zilar. Biroq hamma ham bu fikrga qo’shilmaydi. Ayni damda Gretsiyada 60 ming migrant Yevropaning boshqa mamlakatlariga ko’chirilishni kutmoqda.