“Islomiy davlat” jangari guruhi Iroq va Suriyada tarixiy obidalarni xonavayron qilib, minglab begunoh odamlarni qirayotgani va asirga olayotgani dunyo hamjamiyatini dahshatga solmoqda. Bu guruhdan eng ko’p aziyat chekkan jamoa bu - yazidiylar.
Your browser doesn’t support HTML5
Iroq shimolida jihodchilarga qarshi kurash davom etarkan, minglab yazidiylar BMT tashkil etgan lagerlarda yashamoqda.
Chikago universiteti doktoranti Metyu Barber yazidiylar hayotiga bag’ishlangan ilmiy ish doirasida Iroq shimoliga borgan.
“Amerika Ovozi” bilan suhbatda u 2014-yili “Islomiy davlat” guruhining Sinjar mintaqasiga hujumini tasvirlab berdi.
“Kurd qurolli kuchlari - peshmerga - Sinjarni himoya qilishi kerak edi, lekin ular jangarilar yetib kelishidan oldin qochgan. Yazidiylarni tashlab ketishgan. Aholini himoya qilamiz degan hukumat kuchlari o’z ishini bajarmagan”, - deydi u.
Suhbatdoshga ko’ra, yazidiylar haqida turli yanglish tasavvurlarga qaramasdan kurd musumonlar ulardan yuz o’girmadi.
“Tog’lardan tushib kelgan minglab yazidiylar Dohuk shahrida boshpana topdi. Shahar ahli ularga qo’ldan kelgancha yordam berdi, oziq-ovqat, kiyim-bosh bilan. Musulmon yetakchilar ham qochqinlar bilan uchrashib, ularni quvvatlayotganini ko’rdim o’shanda”, - deydi tadqiqotchi.
Kurdiston hukumati ozchilikdagi jamoaga yordam va’da qilgan. Kurd jangchilari qishloqlarga safarbar etilgan.
Aksar yazidiylar Iroqdan ko’chib, Yevropa va Amerikada yangi hayot boshlashni istaydi. Metyu Barber fikricha, bu elat o’z yerini tark etmasligi kerak.
“Mintaqada asrlar mobaynida yashab kelgan, o’ziga xos udumlariga ega jamoa bu”, - deydi u.
Qo’shma Shtatlar va boshqa mamlakatlardagi yazidiy immigrantlar ham kichik jamoa bo’lib yashaydi, diniy amallar va rasm-rusumlar ular uchun muhim.
“Yazidiylarning muqaddas qadamjo va ibodatxonalari bor. Ular Iroqni tark etishsa, bu ziyoratgohlar qarovsiz qolib ketadi”, - deydi olim.
AQShning Texas va boshqa shtatlarida yashayotgan yazidiylar an’analarni asrab-avaylashga ahamiyat qaratadi, biroq hozirda eng muhimi - Iroqda vatandoshlarga yordam berish, deydi ular.