Iroq shimolida azaldan yashab kelgan yazidiylar bugun qochqinlar. Minglab erkak, xotin-qiz va bolalar qo’shni davlatlardagi lagerlarda jon saqlamoqda. Ularning xorijdagi yaqinlari yordam berish illinjida. Texasning Keyti shaharchasida yazidiylar jamoasi bor.
Your browser doesn’t support HTML5
Murod Ismoil vatandan qilingan qo’ng’iroqni hech esdan chiqara olmaydi. “Islomiy davlat” to’rt ayolni birvarakayiga otib o’ldirgan.
“To’rt ayolni qatl etishgan. O’q ovozlarini eshitdim. Keyin ularning jasadini uloqtirishgan, itlarga. Kuchuklar yeydi ularni, deyishgan”.
Qochishga ulgurgan ayollar yosh qizlar o’zini o’ldirgani haqida hikoya qiladi. Ular zo’rlanishdan ko’ra, o’limni ma’qul ko’rgan.
“Qani adolat? Qanday chidash mumkin bunga? Qo’lga tushgan yazidiy ayollarning holi shu”,- deya nola qiladi Ismoil.
O’tgan yili, “Islomiy davlat” haddidan oshar ekan, Ismoil, Texas va Nebraska shtatida yashaydigan boshqa yazidiylar “Yazda” degan guruh tuzishdi. Maqsad - yazidiylar taqdiri haqida dunyoni ogoh etish.
Tashkilot rahbari Haydar Ilyos deydiki, amerikaliklar bu e’tiqod vakillari haqida deyarli hech narsa bilmaydi.
“Avval odamlarga o’z dinimiz haqida ma’lumot berishimiz kerak, keyin esa masalaga o’tamiz”,- deydi Ilyos.
Yazidiylar islom va Yaqin Sharqdagi boshqa qadimiy dinlarga xos jihatlarni qorishtirgan madaniyat hisoblanib, turli davrlarda turli tuzumlar nishonida bo’lgan.
“Yazda” to’plagan mablag’ hisobiga hozir Iroq shimolida xotin-qizlar uchun ruhiy muolaja taklif etiladi. Zo’rlangan ayollarga xizmat ko’rsatiladi.
Haydar Ilyos nazarida Birlashgan Millatlar Tashkiloti yazidiylarga yordam berish uchun yetarlicha harakat qilmayapti.
“Biz yirik davlatlardan norozimiz, chunki ular BMT doirasida bizning manfaatlarimizni hisobga oluvchi, biz yuzlashayotgan genotsidga qarshi chora ko’rmayapti”.
Murod Ismoil Iroqqa otlanmoqda. Yazidiylar ahvoli haqida aniq ma’lumotlar to’plab, Amerikaga qaytgach, Kongressga bu xususda murojaat qilmoqchi.