AQSh Prezidenti Jo Bayden “Amerika qaytdi” degan shior bilan Oq uyda ish boshladi. U tashqi siyosatda diplomatiyani harbiy kuchdan ustun qo’yishga va’da berdi. Prezidentligining birinchi yilida Bayden buning uddasidan chiqa oldimi?
Your browser doesn’t support HTML5
2021-yil Amerika tashqi siyosatida voqealarga boy davr bo’ldi. Avgust oyida Qo’shma Shtatlar askarlari va fuqarolarini Afg’onistondan tartibsiz ravishda olib chiqqani Bayden prezidentligining birinchi yilida eng katta xato deya ko’rilmoqda.
“Terrorizm kuchaydi. Tolibonning hokimiyatga qaytishi ketidan joriy etilgan sanksiyalar natijasida afg’on xalqi ommaviy ochlikka yetaklashi mumkin bo’lgan katta gumanitar ofatga yuz tutmoqda. AQShning tartibsiz evakuatsiyasi bunga sabab deya ko’rilmoqda”, - deydi Vashingtondagi Uilson tahlil markazidan Maykl Kugelman.
Qo’shinlarning Afg’onistondan chiqarilishi Bayden ma’muriyatining Yaqin Sharqda harbiy missiyalarni kamaytirishga qaratilgan siyosati bilan hamohangdir.
Biroq mintaqada muammolar hal etilmagan – Isroil va Falastin ziddiyatlari davom etyapti, Eron yadro dasturiga doir 2015-yilda imzolangan xalqaro bitimni jonlantirish harakatlari to’xtab qolgan.
Oq uyning egasi o’zgarishi bilan Donald Tramp targ’ib qilgan “Amerika birinchi” shiori Baydenning “Amerika qaytdi” shioriga almashdi.
“Biz ittifoqchilarimiz va do'stlarimizni himoya qilamiz va kuchliroq mamlakatlarning kuchsiz davlatlar ustidan xoh kuch orqali hududni o'zgartirish, xoh iqtisodiyot orqali majburlash, xoh texnik ekspluatatsiya yoki dezinformatsiya orqali hukmronlik qilishga qaratilgan urinishlariga qarshilik ko’rsatamiz. Lekin biz yangi Sovuq urushga yoki dunyoning qattiq bloklarga bo'linishiga intilmayapmiz”, - dedi Bayden.
AQSh rahbari nazarida, dunyoda demokratik va avtokratik davlatlar o’rtasida kurash ketmoqda. Rossiya va Xitoyni avtokratik mamlakatlar deb bilgan Oq uy ularning rahbarlarini 100 dan ortiq mamlakat taklif etilgan “Demokratiya sammiti”ga chaqirmadi. Biroq shunga qaramay, Bayden Si Zinpin bilan ham, Vladimir Putin bilan ham alohida virtual muloqot qildi.
“Atrof-muhit va pandemiya kabi murakkab mavzular bo’yicha global hamkorlik ham Xitoy, ham Rossiya bilan hamkorlikni talab qiladi. AQSh bu mavzuda demokratik davlatlar bilan ham hamkorlik qiladi. Qo’shma Shtatlar avtokratik boshqaruvni jiddiy muammo deb biladi”, - deydi Vellesli kollejidan Steysi Goddard.
Harbiy jihatdan va geosiyosiy ta’sir uchun kuchli raqib bo’lgan Xitoyni jilovlash Bayden tashqi siyosatida ustuvor yo’nalishlardan.
Biroq yana bir raqib Rossiya ham e’tiborsiz qolgani yo’q. Uning Ukraina chegarasida o’n minglab qo’shinlarini to’plagani Oq uy xavotiriga sabab bo’lmoqda.
“Rossiya muammosi hal bo’lgani yo’q hali. U AQSh va Yevropadagi ittifoqchilarimiznikidan farq qiluvchi manfaatlarga ega yirik o’yinchidir. Uni shunchaki qutiga solib qo’ya olmaymiz. Nazarimda, Rossiya Federatsiyasi o’z harakatlari bilan AQShga o’z manfaatlari borligini va ularni inkor etib bo’lmasligini eslatmoqchi”, - deydi Strategik va xalqaro aloqalar markazidan Endryu Losen.
Hal etilmagan yana bir muammo Shimoliy Koreyadir. Kim Chen Un yadro quroli dasturidan voz kechishga so’z bermaguncha Oq uy ma’muriyati u bilan kelishishni istamayapti.