Karter: Al-Qoida hutiylar va hukumat kuchlari ixtilofidan foydalanmoqda

  • Amerika Ovozi

Yaman poytaxti Sano Saudiya Arabistoni havo hujumidan so'ng, 8-aprel, 2015-yil

AQSh Mudofaa vaziri Eshton Karterning aytishicha, al-Qoidaning Yamandagi jangarilari hutiy isyonchilar va hukumat qo'shinlari o'rtasidagi janglardan foydalanib, yangi hududlarni egallashga harakat qilmoqda.

Karter bu haqda jurnalistlarga Yaponiyaga tashrifi chog'ida so'zlagan. Unga ko'ra, AQShning Arab yarimorolida al-Qoidaga qarshi harakatlari qiyinlashgan.

Yamanda hukumat barqaror bo'lganida amaliyotlar oson kechardi, chunki Qo'shma Shtatlar jangarilarga qarshi dronlarni ishga solgan. Hutiylar hokimiyatni qo'lga olib, janubdagi Adan shahri tomon yurgach, AQSh harbiylari dronlar boshqariladigan bazadan evakuatsiya qilindi.

"Terrorizmning G'arbga, jumladan AQShga tahdidi jiddiy. Biz unga qarshi kurashishda davom etamiz. Sharoitga qarab kurash uslubimiz o'zgarib boradi. Yamanda tartib tiklanadi degan umiddamiz", - dedi Karter.

Uning aytishicha, Qo'shma Shtatlar hutiylarni havodan nishonga olayotgan Saudiya Arabistonini razvedka ma'lumotlari bilan ta'minlab bormoqda, yaqin kunlarda qurollar ham yetkaziladi.

Xalqaro Qizil Xoch qo'mitasining bildirishicha, kecha Yaman poytaxti Sanoga tibbiy mutaxassislar yetib borgan. Qo'mita janubdagi Adan shahrida gumanitar ahvol yomonlashib borayotgani haqida ma'lum qilgan.

Jahon sog'liqni saqlash tashkiloti ma'lumotiga ko'ra, so'nggi uch haftada janglarda 540 dan ziyod odam o'lgan.