Kerri: Eronning Yamanda hutiylarga yordamidan tashvishdamiz

  • Amerika Ovozi

Eron harbiy kemasi

AQSh Davlat kotibi Jon Kerrining aytishicha, Vashington Eronning Yamanda shia isyonchilarga yordamidan tashvishda. Kecha Eron Yaman tomon harbiy kemalarini yuborgan. Tehronga ko'ra, ularga Eron manfaatlarini himoya qilish, dengizda Eron kemalari xavfsizligini ta'minlash vazifasi yuklangan.

Kerriga ko'ra, Qo'shma Shtatlar Eronning hutiy isyonchilarga yordamini, Erondan kelayotgan yuklar va uchayotgan reyslar sonini yaqindan kuzatib boradi.

"Eron Yamandagi kuchlarga yordam uzatayotganini yaxshi bilamiz. Tehron shuni bilsinki, Qo'shma Shtatlar mintaqaning beqarorlashishini, xalqaro chegaralarning buzilishini, harbiy harakatlarni jim kuzatib turmaydi", - deydi Kerri.

Unga ko'ra, Yamandagi hutiylarni havodan o'qqa tutayotgan Saudiya Arabistoni yetakchiligidagi davlatlar koalitsiyasini qurol va razvedka ma'lumotlari bilan ta'minlab kelayotgan AQSh ixtilofni istamaydi.

"Biroq shu bilan birga ittifoqchilarimiz Eron harakatlari natijasida tahdid ostida bo'lsa, ulardan yuz o'girmaymiz", - deydi u.

Eron Prezidenti Hasan Ruhoniyning aytishicha, Yamanga qarshi bombardirovkalar xato va ular ko'zlangan maqsadiga erisholmaydi. Ruhoniy tomonlarni sulhga da'vat etmoqda.

Bu o'rtada Xalqaro Qizil Xoch qo'mitasi mamlakatga dori-darmon va shifokorlarni yubormoqda.

BMTning Bolalalar jamg'armasi kecha Yamanning Ibb viloyatida maktabning havodan nishonga olinishini tanqid qildi. Hujumda ikki o'quvchi o'lgan, bir nechtasi yaralangan.

Bu o'rtada Eron Tashqi ishlar vaziri Muhammad Javod Zarif Pokistonga borib, Yamandagi vaziyat bo'yicha fikr almashgan. Kuzatuvchilarga ko'ra, Eron Yamanda shia hutiylarni qo'llab-quvvatlamoqda, hutiylarni bombardimon qilayotgan Saudiya Arabistoni esa Pokistondan qurol va askar so'ragan.

Zarif Pokiston Tashqi ishlar vaziri Sartaj Aziz bilan muloqot chog'ida mojaroga diplomatik yechim topish kerakligiga kelishgan.

Pokiston vaziriga ko'ra, BMT Xavfsizlik Kengashi o'z so'zini aytishi kerak.

"Kengash Yamanda sulhga da'vat etuvchi rezolyutsiya qabul qilib, qurol embargosi joriy etishi, hutiylardan qurollarini tashlashni talab qilishi kerak," - deydi u.

Biroq Eron vaziri o'zgacha fikrda.

“Buni yamanliklarning o'zi hal qilishi kerak. Chetdagi davlatlar faqat yordam berishi mumkin, xolos", - deydi Zarif.

Unga ko'ra, Eron to'rt tamoyil asosida harakat qilishga chaqirmoqda.

“Sulh, gumanitar yordam, Yamandagi kuchlar o'rtasida muloqot, barcha siyosiy kuchlarni o'z ichiga olgan hukumat”, - deydi Zarif.

Buning uchun Eron hutiylarga ta'siridan foydalanishga tayyor, deydi u.