Yaman mojarosi AQSh, Saudiya Arabistoni va Eron ziddiyatini keskinlashtirgan

  • Amerika Ovozi

Saudiya Arabistoniga qarashli kema yamanlik isyonchilar hujumiga uchradi

Saudiya Arabistoni Eronni Yamandan turib raketa hujumlarini amalga oshirganlikda ayblamoqda. Ayrim tahlilchilar Eron va Saudiya Arabistonining bilvosita urushi kuchayishi mumkinligidan xavotirda.

Tehron Yamanda hukumatga qarshi isyonchilarni qo’llab-quvvatlasa, qirollik hokimiyatdan ag’darilgan Yaman prezidentiga sodiq kuchlarni yoqlamoqda.

Saudiya Arabistoni yetakchiligidagi arab koalitsiyasi hutiylarni Yamanda havodan nishonga olarkan, sobiq Prezident Ali Abdulla Solihni qo’llab-quvvatlayotgan kuchlar va isyonchilar raketa hujumlari bilan javob qaytarmoqda.

Saudiya matbuotiga ko’ra, Tehron hutiylarni harbiy tayyorgarlikdan o’tkazmoqda, qurol bilan ta’minlamoqda.

Mamlakatni salkam 34 yil boshqargan Solih 2012-yilda imzolangan kelishuv natijasida hokimiyatdan ketgan.

“Sulhga kelishsak, qirollikka hujumlarni to’xtatamiz”, - deydi u.

O’tgan hafta hutiylar Saudiya Arabistoniga qarashli jangovar kemaga raketa otib, ikki dengizchini o’ldirgan. Qirollik kemaga portlovchi modda ortilgan kater urilganini da’vo qilmoqda. So’ng hafta oxirida isyonchilar Saudiya poytaxti Riyodga ballistik raketalar yog’dirib, harbiy bazani nishonga olgan.

Arab matbuotiga ko’ra, hutiylar qirollik kuchlarining muhim inshootlarni egallashiga to’siq qo’yish maqsadida Xudaydo bandargohi atrofidagi suvlarni minalashtirgan.

Saudiyalik tahlilchi Ali Tuatiyning aytishicha, Xudaydo uchun janglar oson kechmaydi.

“Eron va hutiylar bandargohni saqlab qolish maqsadida qattiq qarshilik ko’rsatadi. Ayniqsa yaqinda kichikroq portni qo’ldan boy berganidan so’ng”, - deydi u.

Parij universitetida siyosatshunos Hattor Abu Diabning “Amerika Ovozi”ga aytishicha, so’nggi kunlarda hutiylar Riyod va qirollikka qarashli harbiy inshootlarga hujumlari bilan Tramp ma’muriyatining munosabatini sinamoqchi bo’ldi.

“Oq uy ma’muriyatining bu voqealarga qanday javob berishini bilmoqchi bo’lishdi va javob Obama ma’muriyatinikidan ko’ra ancha qattiq bo’lishiga ishonch hosil qilishdi”, - deydi ekspert.

Abu Diab Yamandagi so’nggi voqealar sabab AQSh va Eron bevosita to’qnashishiga ishonmaydi. Unga ko’ra, Tehron Iroq, Bahrayn yoki Yaman kabi mamlakatlardagi ittifoqchilari orqali harakat qilishga o’rgangan.

Biroq Eron sobiq Prezidenti Abulhasan Banisadr Tramp ma’muriyatining Eronga nisbatan keskin izohlari va yangi sanksiyalari oqibatida mojaro kelib chiqishi mumkinligidan xavotirda.

“Eron va Saudiya Arabistoni harbiy, diplomatik, iqtisodiy, diniy, tashviqot sohalarida hamda terrorizmga qarshi kurash bobida ittifoqchilari qo’li bilan o’zaro urush olib bormoqda. Qo’shma Shtatlar vaziyatni yumshatishga bel bog’lamasa, ahvol yanada keskinlashishi mumkin”, - deydi Parijda yashayotgan arbob.

Eron ballistik raketa sinovlari ketidan AQSh Prezidenti Donald Tramp bu mamlakatni tanqid qildi, Mudofaa vaziri Jeyms Mattis esa Tehronni dunyoda terrorizmning eng katta homiysi deb atadi.

Aytish joiz, Tramp farmoniga ko'ra fuqarolarining Amerikaga kirishi taqiqlangan yetti mamlakatdan ikkisi Eron va Yamandir, Saudiya Arabistoni bu ro'yxatda yo'q. Vashington shtatidagi federal sudya farmonni hozircha muzlatib qo'ygan.