Vashingtonda 10 mamlakatdan yosh lider olqishlandi

AQSh Davlat departamentining maxsus dasturi doirasida so'nggi uch yildan beri turli mamlakatlardan yosh liderlar Vashingtonga taklif etilmoqda. Ular muammoli hududlarda mojarolarni hal qilishda, barqarorlikni targ’ib etishda, iqtisodiy imkoniyatlarni yaratishda ko'rsatgan mardligi va jonbozligi uchun taqdirlanib, liderlik bo'yicha treningdan o'tkaziladi.

Chorshanba kuni 10 mamlakatdan ana shunday yoshlarga maxsus sovrin berildi. Ular orasida Iroq, Indoneziya, Turkiya, Bangladesh, Litva, Pokiston, Norvegiya, Janubiy Afrika, Panama va Tojikistondan faol yoshlar bor.

Sovrin olishdan tashqari bu yoshlar ikki hafta davomida Amerikani kezadi, liderlik bo’yicha qo’shimcha treningdan o’tadi, nodavlat, davlat va xususiy sektorlarda ishlashda boshqaruv strategiyasi haqida yangi bilimlar olishadi.

Tojikistonlik sovrindor Firuz Yog'bekov

Tojikistonlik sovrindor 21 yoshda bo’lib, ismi Firuz Yog’bekov. Dushanbedagi Rossiya-Tojik slavyan universitetining uchinchi kurs talabasi. Universitetda “Yuzma-yuz” debat klubining prezidenti, universitet qoshidagi yuridik klinikaning ingliz tilidagi munozara ligasining koordinatori.

Firuz mana shu munozaralar yordamida Tojikistonda man qilingan yoki jamiyatda muhokama etilmaydigan mavzularni ko’tarib chiqgan. Zo’ravon ekstremizm, uydagi zo’ravonlik, qashshoqlikning kuchayishi shular jumlasidan.

Firuz ikki yarim yildan beri Yevropada xavfsizlik va hamkorlik tashkilotida ko’ngillilik qiladi, uch viloyatda munozara mahorati bo’yicha treninglar uyushtirgan. Natijada 50 dan ziyod yoshlar bahslashish, notiqlik, tahlil qilish mahoratlariga ega bo’ldi. O’tgan yili esa maxsus debat lagerida 80 ta talaba bilan ishladi.

Taqdimot marosimini to'liq shaklda mana bu link orqali tomosha qilsa bo'ladi.