Din

Ziyorat turizmi - Buxoro Konyadek bo'la oladimi?

Buxoro shahri

Turkiyaning janubi-g’arbida joylashgan Konya shahri ziyorat turizmi bo’yicha yetakchi manzillardan. Saljuqiylar saltanati hisoblangan Rum sultonligining poytaxti bo’lgan bu shaharda Mavlono Jaloliddin Rumiy yashab ijod qilgani bois, maqbarasining shu yerda joylashgani sabab har yili shaharni yuz minglab sayyoh ziyorat qiladi.

Your browser doesn’t support HTML5

Ziyorat turizmi - Buxoro Konyadek bo'la oladimi?

O’zbekistonda ham ziyorat turizmini rivojlantirishga urg’u berilar ekan, bu borada islom sivilizatsiyasining markazlaridan biri hisoblangan Buxoro shahri Konya tajribasiga tayanishi mumkinmi?

Konya va Buxoro shaharlari o‘rtasida o‘xshash jihatlar talaygina. Har ikkisi ham o‘z vaqtida poytaxt bo‘lgan, islom madaniyati tarixida o‘ziga yarasha o‘rni bor.

Konyadagi Saljuq universiteti professori Najmi Uyanikning aytishisha, bir paytlar Konya va Markaziy Osiyo mintaqasi, xususan, hozirgi O‘zbekiston hududini ma’naviy rishtalar o‘zaro bog‘lab turgan. Markaziy Osiyodagi islomiy tariqatlar, ma’naviy meros, me’morchilik an’analari va turmush tarzi Konyadagi hayotga ham ta’sir ko‘rsatgan.

“Konya turk-islom dunyosining poytaxti bo‘lgani uchun Samarqand, Buxoro, Toshkent, Xivada paydo bo‘lgan hamda Imom Buxoriy, Imom Moturidiy, Naqshbandiy, Abdulxoliq G‘ijduvoniy kabi peshvolar asos solgan ma’naviy meros shu yergacha yetib kelgan. Albatta, Konya tarixida Mavlono Jaloliddin Rumiyning o‘rni beqiyos, u bag‘rikenglikni, qardoshlikni, birdamlikni targ‘ib qilgan”, - deydi olim.

Darhaqiqat, Konyani Rumiysiz tasavvur qilish qiyin. Uning qabrini ziyorat qilish uchun dunyoning turli nuqtalaridan turfa dinlar va madaniyatlar vakillari keladi. Umuman, Konya shahri Turkiyada ziyorat turizmining muhim markazlaridan biridir: bu yerga har yili o‘rtacha 3 million sayyoh keladi.

Buxoro ham xuddi shunday ziyorat turizmi markaziga aylanishi mumkinmi? O‘zbekiston hukumati 2021-yilgacha Buxoroga keladigan xorijiy sayyohlar sonini ikki baravar ko‘paytirishni va sayyohlik xizmatlari tushadigan daromadni 350 million dollarga yetkazishni rejalashtirgan.

O‘zbekistonda va, xususan, Buxoroda turizm sektorining nisbatan yangi yo‘nalishi hisoblanuvchi ziyorat turizmini rivojlantirish yo‘lida qanday muammolar mavjud?

O‘zbekiston bo‘ylab ziyorat turizmi xizmatlarini ko‘rsatuvchi firmalardan birining rahbari G‘olib Sodiqov oxirgi paytda xorijlik musulmon sayyohlar soni ortayotganini aytadi.

“Biroq infatuzilma bilan bog‘liq bir qator masalalar bor”, - deydi u. - Yo‘l bo‘ylarida masjidlar sonini ko‘paytirish, masjidlarda ayollar namoz o‘qishi uchun sharoit yaratish, mehmonxonalar sonini orttirish va xodimlarining islomiy talablarga ko‘ra kiyinishini tartibga solish, suv va elektr ta’minotida uzilishlarning bo‘lmasligini ta’minlash, shaharlararo transport qatnovini yaxshilash, avtomobil ijarasini rivojlantirish shular jumlasidan”.

G‘olib Sodiqov Buxorodagi tadbirlarni diniy va ma’naviy mavzular bilan cheklash kerakligini aytadi.

“Ziyorat turizmini rivojlantirar ekanmiz, bir narsani tushunishimiz kerak: ziyorat uchun kelgan odam o‘yin-kulgi qilmaydi. Biz ziyorat turizmi deyapmiz, lekin Buxoroda har xil tadbirlar, modalar haftaligi o‘tkazilyapti. Bir masala saytlarga ham chiqib ketdi: Labi Hovuzdagi diskoteka. Bu bilan ziyoratchilarni o‘zimizdan sovitamiz, ya’ni ularni kelmaydigan qilib qo‘yamiz. Biz britaniyalik turistlarning o‘sha diskotekani ko‘rib, chetroqdan o‘tib ketishga harakat qilishganiga guvoh bo‘ldik. Ular qanaqa qilib Buxoroda, madrasalar atrofida diskoteka bo‘lishini tushunishmadi. Tushunishmaydi ham. Ular Buxoroni dinning quvvati deb bilishadi. To‘g‘ri, Sovet davrida bu narsa yo‘qlikka qarab ketdi, lekin hozir hammasi yaxshi, alhamdulilla. Ziyorat turizmida diskotekalar bilan yoki shunga o‘xshash narsalar bilan turist jalb qilib bo‘lmaydi. Yoki qaysi shaharlarda ziyorat turizmi, qaysi shaharlarda oddiy turizm tashkil etilishini ajratib olish kerak”, – deydi u.

G‘olib Sodiqov O‘zbekistonga kelayotgan ziyoratchilarning talablarini qondirish uchun halol oshxonalarga e’tiborni kuchaytirish, ularning faoliyatini xalqaro halol standartlarga moslashtirish zarurligini ta’kidlaydi.

“Har bir ziyoratchi bizdan mamnun bo‘lib ketishi kerak, ana shunda ular o‘z tanishlariga O‘zbekistonni tavsiya qiladi”, - deydi u.