Xitoyning yirik telekommunikatsiya kompaniyasi ZTE savdo qoidalarini buzgani uchun bir milliard dollar jarima to’lamas ekan, u bilan biznes qilishga qo’yilgan taqiq olib tashlanmaydi, deyiladi AQSh Savdo vazirligi bayonotida.
Sanksiyadan moddiy zarar ko’rayotgan kompaniya vakillari vazirlik rasmiylari bilan uchrashib, AQSh talabiga rozi bo’ldi.
ZTE AQShda ishlangan komponentlardan tayyorlangan mahsulotlarini Amerika savdo embargosiga uchragan mamlakatlar, xususan Eron va Shimoliy Koreyaga sotganlikda ayblanib, Amerika kompaniyalariga ZTE korporatsiyasi bilan biznes qilish man qilingan edi.
Xitoyda smartfonlar ishlab chiqaruvchi ZTE kelajakda ro'y berishi mumkin bo'lgan qonunbuzarliklar uchun zaxira jarimasi tariqasida qo’shimcha 400 million dollarni maxsus jamg’armaga topshirishga hamda iyul o’rtalarigacha rahbariyati hamda boshqaruvchilar kengashini butunlay yangilashga rozi bo’ldi.