Uzoq yillar O'zbekiston moliyaviy tizimida ishlab, 2004-yilda vatanni siyosiy bosim ostida tark etgan Shermamat Abdullozoda Jorj Vashington universitetida o'tgan anjumanda so'zlar ekan, respublikada iqtisodiy o'sish faqat qog'ozda, vaziyat qanday ekanini xalq juda yaxshi biladi, chet eldan ish va imkoniyat izlab ketayotganlar soni shu bois ham ko'p va oshib boraveradi, deya tushuntirdi.
Moliya vazirligida iqtisodiy taraqqiyot va sarmoya bo'yicha idorani boshqargan, respublikaning xalqaro bank va donorlar bilan aloqalarini tebratgan Abdullozoda bugungi ahvolni tahlil qilar ekan, yaqin kelajakda O'zbekistonda tirikchilik osonlashishiga ishonmaydi. Lekin kelajakdan umidvor.
Abdullozoda 1990-yillar boshida ona shahri Samarqandda Soliq qo'mitasida inspeksiya bo'yicha idora direktor o'rinbosari bo'lib ishlagan. 1996-2002 yillarda Moliya vazirligida Xalqaro qarz boshqaruvi uchun moliya direktori edi. 2002-2004 yillarda esa iqtisodiy taraqqiyot bo'yicha moliya direktori sifatida Bosh vazir idorasi va Markaziy bank raisiga hisobot bergan. Uning nazarida jahonning turli burchaklarida ishlab yurgan, bilim olib o'z saviyasini oshirayotgan vatandoshlar bora-bora vatanni o'zgartiradi va progress bo'lishiga majbur qiladi. Oshkoralik va adolat tarafdorlari ko'payishi lozim, deydi u, hamfikr insonlarning o'ziga ishonchi oshishi kerak. Hukumatda o'zgarish istaganlar ko'p, ular ozchilik va ochiq gapirishdan qo'rqadi, chunki oqibatlari hamisha og'ir, deydi u.
Jahon banki va Xalqaro valyuta jamg'armasi, qolaversa boshqa ko'plab xalqaro tashkilotlarga ko'ra, O'zbekistonning asosiy dushmani - korrupsiya. Taraqqiyot yo'lida shu muammo eng katta to'siq. Uni yengish mumkinmi? Ishni qayerdan boshlash kerak?
"Amerika Ovozi" sobiq rasmiy va bugungi kunda Kaliforniya shtatida doktorlik dissertatsiyasi ustida ishlayotgan mutaxassisni suhbatga tortdi. Marhamat, tinglang.