Jorj Vashington universitetida 6-aprel kuni O'zbekistonga bag'ishlangan bir kunlik ilmiy-tahliliy anjuman o'tdi. Bir yil oldin bu dargohning Markaziy Osiyo bo'limida "O'zbekiston Tashabbusi" nomli loyiha boshlangan edi.
Maqsad - G'arb ilm ahlini mamlakatdagi hamkasblari bilan bog'lash, yosh olimlarni quvvatlash, shuiningdek, dunyo bo'ylab faoliyat olib borayotgan mutaxassislarni va vatandoshlarni muntazam ravishda bir davraga to'plab, o'zaro muloqotni yo'lga qo'yish.
Loyiha rahbari, fransuz olima Marlen Laruel deydiki, o'tgan davr mobaaynida o'lkadan chiqqan tadqiqotchilarning o'nlab maqolalari chop etildi. O'zbekiston bilan bog'liq bir necha siyosiy va madaniy tadbirlar o'tkazildi. Kuni kecha o'tgan anjuman esa eng kattasi bo'lib, u uch qismda tashkil etildi.
Birinchisida e'tibor O'zbekiston siyosatiga qaratildi, ichki va tashqi. Ikkinchi qismida gap asosan Rossiya va boshqa davlatlarda mehnat qilayotgan o'zbekistonliklar va ularning vatanga iqtisodiy ta'siri haqida bo'ldi. Uchinchi davra suhbati esa Amerikadagi o'zbeklar hayotini yoritdi. "Tashabbus", "Vatandosh" O'zbek-Amerika Federatsiyasi, Chikagodagi O'zbek-Amerika Uyushmasi vakillari bu tashkilotlar faoliyati va yurtdoshlar orasidagi aloqa va hamkorlik haqida fikr almashdi.