Xitoyning iqtisodiy qudrati oshib borar ekan, Pekin inson huquqlarini pisand qilmayotganlikda, savdo sirlarini o'g'irlab, o'z nazoratidagi moliyaviy tashkilotlardan strategik maqsadlarga erishishga harakat qilayotganlikda ayblanmoqda.
BMT rasmiylariga ko'ra, Xitoy ishtirokidagi taraqqiyot dasturlarida inson huquqlari poymol etilmoqda. Tashkilotning inson huquqlari bo'yicha oliy komissariati Xitoy aralashgan loyihalar va inson huquqlari o'rtasidagi bog'liqlikni tergov qilmoqda.
Dastlabki taftish natijalariga ko'ra, Xitoy kompaniyalari va moliyaviy tashkilotlari xorijda qo'l urgan loyihalarda inson huquqlariga e'tibor yo'q.
BMT mustaqil eksperti Xuan Pablo Bogoslavskiyning aytishicha, Xitoy Jahon bankidan ko'p loyihalarni moliyalagani uchun uning faoliyati tekshirilmoqda.
Mutaxassisning Pekindagi matbuot anjumanida aytishicha, Xitoy firmalari va tashkilotlari bilan inson huquqlari mavzularida muloqot qilish osonmas, ular ushbu mavzularga e'tiborsiz.
Xitoy moliyalayotgan eng yirik ikki loyiha bu BRIKS tashkilotiga a'zo mamlakatlar tuzgan bank va Xitoy tashabbusi bilan yaqinda shakllangan Osiyo infratuzilma sarmoyasi bankidir. Xuan Bogoslavskiyning aytishicha, ular boshqa banklar yo'l qo'ygan xatolarni takrorlamasligi kerak.
BMTning Inson huquqlari bo'yicha agentligi Jahon banki moliyalagan loyihalarda inson huquqlari buzilgan deya tanqid qilgan.
Osiyo infratuzilma sarmoyasi bankiga 50 mamlakat, jumladan Britaniya, Fransiya va Germaniya a'zo. Vashington Yevropadagi ittifoqchilaridan boshlang'ich kapitali 100 milliard dollarga teng bankka qo'shilmaslikni so'ragan.
Londondagi Qirollik instituti tahlilchisi Rafaello Pantuchchining aytishicha, bank Osiyoda infratuzilmani rivojlantirish maqsadida tuzilgan.
"Qit'ada tizim rivojlanishga muhtoj. Kim bankka erta a'zo bo'lsa, uning siyosatini shakllantirishda muhim rol o'ynaydi", - deydi u.
Xitoy AQShni bir qutbli dunyo tizimini yaratib, uni nazorat etayotganlikda ayblar ekan, yangi bank yordamida Amerikaning moliyaviy hokimligiga chek qo'ymoqchi.
London iqtisodiyot maktabidan Oliviya Gippnerning aytishicha, AQSh Xalqaro valyuta jamg'armasida, Jahon bankida veto huquqiga ega bo'lib, jamg'arma islohotiga yo'l bermayapti.
"Rivojlanayotgan mamlakatlarning ovoz berish huquqini kuchaytirishga qaratilgan va 2010-yilda qabul qilingan islohotlarga AQSh veto qo'yib kelmoqda", - deydi Grippner.
Vashingtonning xavotiri shuki, Xitoy Osiyo infratuzilma sarmoyasi bankidan iqtisodiy emas, strategik maqsadlarni ko'zlamoqda. Moliyalash talablari Jahon banki yoki Xalqaro valyuta jamg'armasi qoidalaridan farq qilishi mumkin, deydi ekspert Pantuchchi.
âMarkaziy yoki Janubiy Osiyoning xalqaro banklar qo'ygan talablarini bajara olmayotgan mamlakatlarda Osiyo infratuzilma sarmoyasi bankidan foydalanishi mumkin", - deydi u.
Xitoy iqtisodiy qudrati kundan kunga oshmoqda. Yaqinda Yevropada ishlab chiqariladigan 45 ta "Aerobus" samolyotlarini sotib olish haqida shartnoma imzolandi. Bundan tashqari, Xitoyda "Aerobus" zavodi ochilishi rejalangan.
AQSh ham bo'sh kelayotgani yo'q. Yevropa Ittifoqi va Tinch okeani bo'yidagi davlatlar bilan erkin savdo xususida muzokaralar ketmoqda. Xitoy jarayonga taklif etilmagan.
Qo'shma Shtatlar Xitoy bilan faol savdo qilsa-da, uni savdo qoidalarini buzayotganlikda ayblab keladi. Demokratlar partiyasidan prezidentlikka nomzod Xillari Klintonning da'vo qilishicha, Pekin tijoriy sirlarini o'g'irlayapti.
"Ular Amerika kompyuter tizimlariga kirib, savdo sirlarini, mudofaa masalalari bilan shug'ullanuvchi xususiy kompaniyalardan chizmalarni, davlat axborotini o'g'irlamoqda. Ular biz bilan raqobat qilayotganini tushungan holda g'olib chiqishga harakat qilmoqda", - deydi Klinton.
Unga ko'ra, Qo'shma Shtatlar Xitoy masalasida ogoh bo'lishi lozim. Klinton, shuningdek, Pekinni harbiy inshootlar qurish orqali AQSh bilan ittifoqchilik bitimlarini imzolagan davlatlarga tahdid solayotganlikda aybladi.