AQSh va Xitoy rasmiylari Vashingtonda uch kunlik yuqori darajali muzokaralarni boshlab yubordi. Iqlimdagi salbiy o'zgarishlar, kiber-xavfsizlik va dengizdagi talash hududlar muhokama qilinmoqda.
Dushanba kuni boshlangan muzokaralar Strategik xavfsizlik bo'yicha dialog deya nomlanadi. Xitoy bilan aloqalarda eng oliy darajadagi harbiy-noharbiy muloqot bu, deydi Davlat departamenti rasmiylari.
Dunyoning eng yirik iqtisodiyotlari hisoblangan bu ikki mamlakat o'rtasida ishonchsizlik ham muhokama qilinishi kutilmoqda. Xususan, davlatlar kiber-xavfsizlik masalasida kelishmaydi.
Qo'shma Shtatlar yaqinda millionlab davlat ishchilariga taalluqli shaxsiy ma'lumot o'g'irlanganida Xitoyni gumon qiladi. Tergovchilarning aytishicha, kiber-hujum o'tgan yili boshlangan, lekin ikki oy oldin aniqlangan.
Bu orada, Xitoy Janubiy Xitoy dengizida talash hududlarda qurilish ishlariga zo'r bergan. Tabiiy zaxiraga boy, baliqchilik va transport qatnovi uchun qulay bu hududga qo'shni mamlakatlar ham da'vogar. Kichik qo'shni mamlakatlar esa Xitoyning agressiv harakatlariga javoban AQSh bilan harbiy hamkorlikni oshirgan.
Bundan tashqari, Xitoy hududda xorijiy kema va samolyotlar qatnovini cheklashi mumkin, degan xavotir bor. Pekin har qanday qurilish ishlari qonuniy ekanini aytadi. Qo'shma Shtatlar bahsli hududlar o'zlashtirib olinayotgani va ayrim orollar harbiy maqsadlarga moslashtirib borayotganidan nozori.
Xitoy va AQShning uch kunlik anjumanida, shuningdek, iqlimdagi salbiy o'zgarishlar va ayollarning jamiyatdagi rolini oshirish kabi mavzular ham ko'riladi. Bu muzokaralari Xitoy Prezidenti Shi Zinpinning sentabrda Vashingtonga safariga tayyorgarlik deya ham talqin qilinadi.