Breaking News

AQSh va Xitoy harbiylari o'zaro hamkorlikni kuchaytirmoqda


Gumanitar yordam yetkazishda va favqulodda holatlarda hamkorlikni kuchaytirish uchun AQSh va Xitoy harbiylari o’zaro dialog mexanizmini ishlab chiqish bo’yicha kelishuv imzoladi. Ushbu bitim ikki mamlakat o’rtasidagi mavjud tushunmovchiliklarni kamaytirishiga ham umid bildirilmoqda.

AQSh armiyasi bosh shtabi qo’mondoni Reymond Odiernoning aytishicha, kelishuvni imzolash marosimida Xitoy Markaziy harbiy komissiyasi rahbari, Xitoy armiyasi generali Fan Chanlong qatnashgan.

AQSh Mudofaa vaziri Eshton Karterning xitoylik mulozim bilan uchrashuvda aytishicha, u Xitoy bilan havo va dengizdagi amaliyotlarda xalqaro xavfsizlik qoidalariga rioya qilish bo’yicha ham kelishuvga erishilishiga umid qiladi. Bu boradagi bitim sentabr oxirigacha imzolanishi kutilmoqda.

Pekin Janubiy Xitoy dengizidagi orollarga egalik da’vosini kuchaytirib, havo bazalari uchun sun’iy orollar qurayotgan bir paytda AQSh bilan munosabatlari ancha sovuqlashgan. Xitoy ham ayni paytda Vashingtonning hududda kuzatuv missiyasini oshirganidan norozi.

AQSh generali Vinsent Bruksning aytishicha, ikki mamlakat harbiylarining muloqotni oshirishi havoda va dengizda nizolar ro’y berishi ehtimolini kamaytiradi.

“Xitoy armiyasi va AQSh harbiylari o’rtasida to’qnashuv yuz beradi, deb hisoblamaymiz. Xato hisob-kitob va tushunmovchiliklarning oldini olish uchun munosabatlarimizni chuqurlashtirishimiz kerak”, - deydi u.

Ammo xavfsizlik bo’yicha ekspertlarning aytishicha, harbiylar o’rtasidagi muloqot shu paytgacha Vashington uchun biror ijobiy natija bermagan. Rasmiylar Xitoydan harbiy amaliyotlari haqida oshkora siyosat olib borishni va hududiy da’volarda haddidan oshmaslikni talab qilib keladi.

  • 16x9 Image

    Amerika Ovozi

    "Amerika Ovozi" - Vashingtonda asoslangan xalqaro teleradio, 45 tilda efirga chiqadi. O'zbek tilidagi ko'rsatuv va eshittirishlarda nafaqat xalqaro hayot balki siz yashayotgan jamiyatdagi muhim o'zgarishlar va masalalar yoritiladi. O'zbek xizmati AQSh poytaxtida olti kishilik tahririyatga va Markaziy Osiyo bo'ylab jamoatchi muxbirlarga ega.

XS
SM
MD
LG