AQSh Xitoyning Janubiy Xitoy dengizidagi hududlarga da'vosini tanqid qilarkan, Pekin Vashingtonning uning siyosatiga berayotgan bahosini qattiq qoraladi.
Xitoy admirali Sun Zyangoning Singapurdagi xavfsizlik sammitida aytishicha, Spratli orollaridagi qurilishlar qonuniy bo'lib, xalqaro mijozlarga xizmat ko'rsatish uchun hozirlanmoqda.
Admiral Xitoy Xalq ozodlik armiyasi bosh shtabi rahbarining o'rinbosari bo'lib, unga ko'ra, Janubiy Xitoy dengizidagi hududlar Xitoyniki, ammo boshqa mamlakatlar ularga da'vo qilsa, Pekin bahsni muzokara va maslahatlashuv orqali hal etishga tayyor.
AQSh Mudofaa vaziri Eshton Karterning anjumanda aytishicha, Xitoy xalqaro normalarni buzmoqda.
"Xitoy yana qancha yerlarni o'zlashtirishi noma'lum", - dedi vazir.
Unga ko'ra, Pekinning hozirgi harakatlari xato hisob va xulosalarga sabab bo'lib, mojaroga yetaklashi mumkin.
"Xitoy so'nggi bir yarim yilda 800 gektardan ko'p joyni o'zlashtirdi. Bu boshqa mamlakatlarning da'vosini qo'shib hisoblagandan ham ko'proq", - deydi Karter.
AQSh mudofaa vaziri nazarida Xitoy bu siyosatini bas qilishi lozim, Qo'shma Shtatlar o'zlashtirilgan bahsli hududlarda harbiy inshootlar qurishga ham qarshi.
"Janubiy Xitoy dengizidagi munozaralarni harbiy yo'l bilan hal etib bo'lmaydi", - dedi Karter.
Uning aytishicha, AQSh Xitoy bahsli orollar, riflar atrofida o'rnatgan 22 kilometrlik chegarani tan olmaydi.
“Samolyotlarimiz xalqaro qonunlar ruxsat bergan barcha hududlar uzra uchishda, kemalarimiz esa suzishda davom etadi", - dedi u.
O'tgan oy Xitoy harbiylari AQShning razvedkachi samolyotiga Spratli orollarini tark etishni talab qilganida samolyot buyruqqa bo'ysunmagan.