Qo'shma Shtatlar yana ko'p yillar Osiyo-Tinch okeani mintaqasida asosiy xavfsizlik kafolatchisi bo'lib qoladi, deydi Pentagon rahbari Eshton Karter. Xitoy mintaqadagi Janubiy Xitoy dengizida orollar barpo etishni bas qilsin, deydi Karter.
Mudofaa vazirining aytishicha, Osiyodagi barcha davlatlar, jumladan, Xitoy orollar ustidagi bahsni harbiy tortishuvga aylantirmasligi, munozarani tinch yo'l bilan hal qilishi kerak.
Xitoyning agressiv harakatlari mintaqadagi davlatlarni birlashtirmoqda, deb hisoblaydi Karter. Bu mamlakatlar AQShdan bu bahsga aralashishni, Osiyo-Tinch okeani regionida xavfsizlik kafolati bo'lib xizmat qilishni so'rayapti, deydi mudofaa vaziri.
Pekin Janubiy Xitoy dengiziga da'vo qilib, sun'iy orollar barpo etayapti. Hududga Malayziya, Vyetnam va Filippin ham da'vo qilayapti, biroq harbiy qudrati jihatidan ustun Xitoy o'zini agressivroq tutayapti.
Eshton Karterning aytishicha, Amerika xalqaro dengiz hududlarida zarur bo'lsa, uchadi, suzadi va tartibni kuzatadi.
O'tgan Xitoy hafta dengiz uzra kuzatuv olib borgan Amerika samolyotiga hududni tark etishni buyurgan edi. Pentagonning bildirishicha, jangovar samolyot xalqaro suvlarda harakat qilgan va hududni tark etishdan bosh tortgan.