Prezident Barak Obamaning aytishicha, Xitoy AQSh va Yaponiya o'rtasidagi kuchli ittifoqchilik rishtalarini o'ziga qarshi ko'rmasligi kerak. Obama kecha Oq uyda Yaponiya Bosh vaziri Shinzo Abe bilan uchrashib, xavfsizlik va savdo bobidagi munosabatlar xususida gaplashdi.
Ikkinchi jahon urushidan 70 yil o'tib, bir paytlar murosasiz dushman bo'lgan davlatlar bugun eng yaqin ittifoqchilardir. Obama va Abe mudofaa bobidagi hamkorlik orqali o'zaro xavfsizlikni ta'minlashga kelishib oldi.
“Kuchlarimizni birlashtirsak, dengiz xavfsizligi, tabiiy ofatlarga javob berish va boshqa vaziyatlarda hamkorlik qilishimiz osonroq bo'ladi. Birgalikda rejalaymiz, mashq qilamiz va harakat qilamiz”, - deydi Obama.
AQSh rahbarining aytishicha, bunday ittifoqdan butun dunyo naf ko'radi, Xitoy esa buni provokatsiya deb bilmasligi lozim.
Obamaga ko'ra, Qo'shma Shtatlar Xitoyning tinch maqsadlarda kuchayishini olqishlaydi, biroq Pekinning Janubiy Xitoy dengizidagi hududlar, jumladan Yaponiya o'ziniki deb bilgan Senkaku orollariga da'vo qilishi ziddiyatlarga sabab bo'lmoqda.
“Bu muammolarni munozaralarni ko'rib chiquvchi xalqaro organlar orqali hal etish o'rniga Xitoy qudratini ko'z-ko'z qilmoqda. Bunday vaziyatda boshqa mamlakatlarga nima desak, Xitoyga ham gapimiz shu: bu yo'ldan borib bo'lmaydi”.
Bosh vazir Abe o'z bayonotida Xitoyni tilga olmadi, biroq AQSh va Yaponiya hozirgi vaziyatni bir tomonlama o'zgartirish harakatlariga qarshi ekanini aytdi.
“Har qanday bahs tinch yo'l bilan, xalqaro qonunlar asosida, do'q-po'pisasiz hal etilishi kerak", - dedi Abe.
Yaponiya rahbari AQShning Osiyo va Tinch okeani mintaqasida faolroq siyosat yuritish rejasini olqishladi.
Vashingtondagi Vilson markazi tahlilchisi Shixoko Gotoning aytishicha, AQSh va Yaponiya o'rtasidagi mustahkam ittifoq ana shu siyosatni amalga oshirishga, mintaqada barqarorlikni saqlashga xizmat qiladi.
“Shimoli-sharqiy Osiyoda vaziyat taranglashmoqda. Xitoyning kuchayayotgani ko'pchilikni xavotirga solmoqda. Muvozanatni ta'minlaydigan siyosat kerak”, - deydi ekspert.
Xavfsizlik, iqtisodiy hamkorlik ham ana shu muvozanatni ta'minlashda muhim omildir.