Qo'shma Shtatlar Janubiy Xitoy dengizida bahsli orollarni o'zlashtirishni bas qiling, deya Xitoyga talab qo'ymoqda.
Bu orollarda qurilish ketayotgani xalqaro qonunlarga zid, deya ta'kidladi AQSh Mudofaa vaziri Eshton Karter Singapurda o'tayotgan xalqaro anjumanda.
"Suvosti qoyalarni uchish maydonlariga aylantirib, kemalar qatnoviga cheklovlar qo'yishga hech bir davlat haqli emas. Xitoy dengizdagi xatti-harakatlari bilan bu regionda xavfsizlikni ta'minlovchi tizimni barbod qilayapti, mintaqaviy muammolarni diplomatiya va murosa orqali hal qilishni istamayapti", - deydi vazir.
Mudofaa rasmiylari yig'inida qatnashgan Xitoy vakili, polkovnik Jao Shiajuo ushbu bayonotlarni o'rinsiz, deya ta'riflagan.
Janubiy Xitoy dengizi yirik tranzit nuqtasi bo'lib, Pekin hududni deyarli butunligicha o'ziniki deb hisoblaydi. Tabiiy zaxiralarga boy kichik orollarga Filippin, Vyetnam, Malayziya, Tayvan va Bruney ham da'vo qiladi.
AQSh mudofaa vaziriga ko'ra, bu davlatlar ham ayrim orollarga o'z bayrog'ini qadagan bo'lsa-da, hech bir davlat Xitoychalik katta ko'lamda qurilish boshlagan emas. O'tgan 1,5 yil mobaynida 18 gektar maydon o'zlashtirilgan.