Breaking News

Yaponiya uchun asosiy tahdid - Xitoy


Japoniya va Xitoy o'rtasida talash orollar
Japoniya va Xitoy o'rtasida talash orollar

Yaponiya Xitoyning dengiz va havodagi harakatlarini yaqindan kuzatmoqda. Kommunistik o’lka nafaqat o’zi joylashgan hudud, balki qo’shnilar atrofidagi suvlarni ham o’z nazoratiga olish uchun agressiv siyosat yuritib keladi. Yaponiyaning mudofaa masalalariga bag’ishlangan hisobotida mintaqadagi beqarorlikka hissa qo’shayotgan davlatlar deb Xitoy, Shimoliy Koreya va Rossiya tilga olinadi.

So’nggi yillarda Yaponiya o’zining yillik harbiy tahlilnomalarida Xitoy siyosatidan o’z noroziligini bildirib keladi. Bu yilgi hujjatning ham kattagina qismi shu mavzuga ajratilgan. Unda Pekinning Yaponiyaga tegishli havo va dengiz hududlariga ruxsatsiz kirib borishi keskin tanqid qilinadi.

Tokioning ogohlantirishicha, Xitoy harbiylarining kemalarni radar orqali kuzatishi va qiruvchi samolyotlarga yaqin uchishi noxush oqibatlarga olib kelishi mumkin.

Hisobot mualliflari Pekinni mas’uliyatli bo’lishga chaqiradi.

O’tgan yili Xitoy qator davlatlar orasida talash hududlarni o’zining havo mudofaa zonasi deb e’lon qilgani chuqur nozorilik uyg’otgan edi.

“Hisobotdan maqsad Xitoyning xatti-harakatlariga oid faktlarni ochiq bayon etish”, - deydi Yaponiya Mudofaa vaziri Itsunori Onodera. “Xitoyning o’zboshimcha ravishda havo mudofaa zonasini e’lon qilganidan shikoyat qilgan yagona davlat emasmiz. AQSh va boshqa hukumatlar ham bundan norozi”, - deydi u.

Yapon harbiylari qayd etadiki, Xitoy butun regionni o’ziga qaratib olishga, mavjud tartib-qoidalarni o’zgartirishga urinmoqda. Ammo bu davlat xalqaro hamjamiyatning e’tiroz va chaqiriqlariga beparvo, Tinch okeani hamda Sharqiy va Janubiy Xitoy dengizida bir tomonlama harakatlarini davom ettirmoqda, deyiladi hujjatda.

Tokioning talabi shuki, Xitoy xalqaro huquq tamoyillariga rioya qilsin; regiondagi maqsadlarini bayon etsin.

Bunga javoban Xitoy Mudofaa vazirligi Yaponiyani vaziyatni bo’rttirayotganlikda aybladi. Xitoylik tahlilchilar fikricha, aslida bunday xulosalar Yaponiya Bosh vaziri Shinzo Abening o’z mamlakatini mintaqada yetakchi harbiy kuchga aylantirish niyatida ekanidan darak beradi.

2012-yil dekabrida Shinzo Abe hokimiyatga kelganidan buyon Tokio-Pekin munosabatlari ancha taranglashgan. Ikki davlat Sharqiy Xitoy dengizidagi orollar ustida tortishgani tortishgan.

Yaqinda Pekinda Osiyo rahbarlari bir davraga to’planadi, Shinzo Abe Xitoy prezidenti Si Zinpin bilan uchrashish istagini bildirgan. Ikki rahbar hali biror marta yuzma-yuz o’tirib, bafurja muloqot qilmagan.

Yaponiyaning Janubiy Koreya bilan munosabatlarida ham sovuqlik seziladi. Yuqorida tilga olingan tahlilnomada Yaponiya Dokdo oroliga da’vo qilgani Seulni g’azablantirgan.

“Yaponiyaning harbiy attashesini chaqirtirib, undan izoh talab qildik”, - deydi Janubiy Koreya Mudofaa vaziri Kim Min-syok.

Yaponiya Shimoliy Koreyaning yadroviy dasturiga mintaqadagi vaziyatni beqarorlashtirayotgan bosh omil deb qaraydi. Rossiyaning Ukrainadagi harakatlariga ham e’tibor kuchli. Hisobotda so’nggi oylarda Rossiyaning harbiy-dengiz va havo kuchlari regionda keng miqyosdagi mashqlar o’tkazayotgani qayd etilgan.

  • 16x9 Image

    Amerika Ovozi

    "Amerika Ovozi" - Vashingtonda asoslangan xalqaro teleradio, 45 tilda efirga chiqadi. O'zbek tilidagi ko'rsatuv va eshittirishlarda nafaqat xalqaro hayot balki siz yashayotgan jamiyatdagi muhim o'zgarishlar va masalalar yoritiladi. O'zbek xizmati AQSh poytaxtida olti kishilik tahririyatga va Markaziy Osiyo bo'ylab jamoatchi muxbirlarga ega.

XS
SM
MD
LG